12:49 / 19.08.2021
20199

9 yoshli qiz Moskva davlat universitetiga o‘qishga kirdi

Rossiyada 8 yoshida maktab bitiruv imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan Alisa Teplyakova Moskva davlat universitetining psixologiya fakultetiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. Yaqinda 9 yoshga to‘lgan qizning otasi Yevgeniy Teplyakov farzandining o‘qishga qabul qilinishi bo‘yicha shartnomani imzoladi.

“Biz budjetga o‘qishga kira olmadik, biroq qizim to‘plagan ballar uning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishiga yetarli bo‘ldi. Biz fakultetga yo‘l oldik va bugun shartnomani imzoladik. O‘qishning birinchi semestri uchun pul to‘lashgina qoldi, xolos”, deb aytgan qizning otasi. Uning aytishicha, psixologiya oliy ta'limni boshlash uchun yaxshi yo‘nalish hisoblanadi.

Alisa Teplyakova joriy yil yozida maktab bitiruv imtihonlarini topshirib, 11-sinfni bitirganlik shahodatnomasini olganidan keyin u haqida gapira boshlashgan. Iyulda qizcha 9 yoshga to‘lgan.

Ta'kidlanishicha, qizning oilasida 7 farzand bo‘lib, ular Moskvada bir xonali kvartirada yashaydilar. Qiz ota-onasining aytishicha, ularda o‘zlariga ipotekaga uy sotib olishga moddiy imkoniyat yo‘q, davlat esa bepul uy-joy taqdim qilmayapti.  

Qizcha ota-onasining aytishicha, Alisa uyda ta'lim oladi, chunki maktab ta'lim tizimiga kirisha olmagan. “Alisa 4 yoshida yaxshi yozardi, o‘qirdi, hisoblay olardi. U bu yoshida 1-sinf dasturini o‘zlashtirgandi. Shundan keyin biz uni maktabga bermoqchi bo‘ldik. Hattoki bu haqda Rossiya prezidentiga yozgandik. Biroq “maktabga 7 yoshdan o‘qishga berish tavsiya qilinishi” haqida javob keldi. Biroq Alisa 5 yoshidayoq 5-sinf dasturini bilardi. Shundan keyin biz Alisani 2 yildan keyin maktabga berish yoki uni o‘qitishni davom ettirish haqida o‘ylay boshladik. Lo‘ndasini aytganda, o‘z harakatlarimizni mantiqiy yakuniga – maktab bitiruv imtihonlarini topshirishgacha yetkazdik”, deb aytgan qizning otasi.

Uning aytishicha, u farzandlariga o‘qishdan, rafiqasi Natalya esa matematikadan saboq beradi. Ota Alisaga kuniga 3-5 soat vaqt ajratadi va qizi vunderkind emasligini ta'kidlab keladi. “Bu normal natijalar. Yaxshi xotira va ta'limga o‘ziga xos yondashuv”, deya Yevgeniy Teplyakov qizining muvaffaqiyatlarini tushuntirgan.

Top