Jahon | 19:56 / 19.08.2021
16861
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «uchar Chernobil»larni sinovdan o‘tkazishga tayyorlanmoqda - CNN

«Burevestnik» haqida birinchi marta Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yil martdagi federal majlisga murojaatida ma'lum qilgandi. U raketaning ta'sir doirasi cheksizligini, trayektoriyasini esa oldindan bilib bo‘lmasligini aytgandi.

Foto: Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi

Rossiya yadroviy energiya qurilmali «Burevestnik» qanotli raketalarining yangi sinoviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Capella Space tijorat kompaniyasining sun'iy yo‘ldoshda olingan suratlariga tayanib CNN xabar berdi.

AQShda bu raketalarni «uchar Chernobil» deb atashgan.

Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti ekspertlarining so‘zlariga ko‘ra, 16 avgustda olingan fotosuratlar «Rossiya Shimoliy qutb yaqinida joylashgan start maydonchasida yadroviy qurilmali qanotli raketa sinoviga tayyorlangani to‘g‘risida ishonchli dalillarni beradi».

Institut xodimi Jyeffri Lyuisning aytishicha, yadroviy energiya qurilmasidan foydalanish raketalarga cheksiz masofaga uchish, AQSh radarlari va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yengib o‘tish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa sinovlari atrof-muhit va insonlar salomatligi uchun ham xavflidir.

Lyuisning ma'lumot berishicha, mutaxassislar so‘nggi bir necha oy davomida poligonni kuzatishgan. Planet tijorat kompaniyasi yoz oylari mobaynida olgan suratlarda yuk kemalari bu yerga qandaydir yuklarni keltirgani aks etgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, start maydonchasi yaqinida ko‘plab transport vositalari yoki konteynerlar joylashgan.

«Burevestnik» haqida birinchi marta Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yil martdagi federal majlisga murojaatida ma'lum qilgandi. U raketaning ta'sir doirasi cheksizligini, trayektoriyasini esa oldindan bilib bo‘lmasligini aytgandi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, «Burevestnik» hozirda mavjud va kelgusida paydo bo‘ladigan barcha raketaga va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari uchun yengib bo‘lmas raketa» hisoblanadi.

Mavzuga oid