O‘zbekiston | 13:59 / 25.08.2021
14452
3 daqiqa o‘qiladi

Umumiy ovqatlanish korxonalari yer va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi

2021 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi.

Prezidentning «Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Hujjatdan maqsad koronavirus pandemiyasi davrida umumiy ovqatlanish va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 20 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan masalalar ijrosini ta'minlash hisoblanadi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:

  • 2021 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi;
  • 2023 yil 1 sentyabrga qadar turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yig‘imlar bo‘yicha 2021 yil 15 avgust holatiga ko‘ra mavjud qarzdorlikni, shuningdek, barcha soliqlar bo‘yicha jarima va penyalarni 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi berilgan.

Tijorat banklarining umumiy ovqatlanish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi mijozlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun bank xizmatlarining turli instrumentlaridan foydalanib, ularni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifi ma'qullangan.

Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yengilliklar haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma'lum qilgandi.

“Jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard so‘m qo‘shimcha ko‘mak deganidir. Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard so‘m qarzlari muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi”, – degandi davlat rahbari.

Avvalroq, koronavirus sababli bir necha hafta kafe va restoranlar uchun amalda bo‘lgan karantin cheklovlari tanqidlarga sabab bo‘lgan va bekor qilingan edi.

Mavzuga oid