«Tolibon» Afg‘onistonni egallashida Pokistonning ham roli bormi?
«Tolibon» Afg‘onistonning deyarli barcha hududini qayta o‘z nazoratiga olgan bir paytda ko‘plab afg‘onistonliklar Pokistonni yillar davomida toliblarni qo‘llab-quvvatlab kelishda ayblashmoqda.
Bu doiralarga ko‘ra, agar Pokiston xohlaganda edi, «Tolibon» ustidagi o‘z kuchidan foydalanib, zo‘ravonlikni to‘xtatishi yoki tashkilotning yangidan quvvatga to‘lib, qaytishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin edi.
Pokiston esa «Tolibon»ga nisbatan bunday ta'sir kuchiga ega ekanligini inkor etadi.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida 70 yildan beri davom etayotgan ziddiyat va hokimiyat uchun kurash Pokistonni Afg‘oniston ichidagi turli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirdi.
Shu sababli, mintaqada nodavlat guruhlarni kuchaytirmaslik va barqarorlikni ta'minlash uchun qilinishi lozim bo‘lgan ish – Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida to‘liq hamkorlik va tinchlikni ta'minlashdir.
Xo‘sh, bu keskinlik va Pokistonning tutgan yo‘li bugun vujudga kelgan vaziyatga qanday ta'sir ko‘rsatdi?
Buyuk Britaniyaning mintaqadan chiqib ketishi bilan boshlangan ziddiyat
Britaniyaning Pokiston va Bangladeshni ham o‘z ichiga olgan imperiyaviy boshqaruvi Hindistonda 1940-yillarga qadar davom etadi.
Inglizlar mintaqada kuchli mavqega ega bo‘lgan paytda, 1919 yilgacha (avval amirlik, keyin esa qirollik bo‘lgan) afg‘onlar va inglizlar o‘rtasida uch marta urush bo‘ladi. 1919 yilda yakunlangan oxirgi urushdan keyin inglizlar afg‘onlarning mustaqilligi va suverenitetini tan oladi.
Bu jarayonda 1893 yil Britaniya hukmronligi ostidagi Hindistonning bosimi ostida Durand chizig‘i deb nomlangan va pushtunlar yashagan mintaqani ikkiga bo‘luvchi chegara chizig‘i loyihasi qabul qilinadi.
Biroq Angliyaning mintaqadan chiqib ketishi va 1947 yilda Pokistonning mustaqillik e'lon qilishi ortidan Afg‘oniston amalda chegara vazifasini o‘tamaydigan va har kuni o‘n minglab pushtunlar o‘tadigan bu chiziqni rasman tan olishni istamaydi.
Buning asl sababi Pokistondagi pushtunlarning o‘z mintaqasidagi pushtunlar bilan yaqin munosabatlarni davom ettirish orqali avtonom hudud yaratish uchun ular bilan hamkorlik qilishi edi. 1947 yil BMTda Afg‘oniston Pokistonni suveren davlat sifatida tan olmaydi.
Shu tariqa, ikki suveren davlat – Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat boshlanadi. Pokiston mustaqil bo‘lgunga qadar pushtunlarning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlagan Afg‘oniston Pokistonning mamlakat ichidagi ba'zi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashiga e'tiroz bildiradi.
Sovuq urush davrida ular qarama-qarshi jabhalardan o‘rin oldi
1950-yillarda Pokiston Durand chizig‘i hududida chegara postlari o‘rnatadi va Pokiston tarafidagi pushtunlar uchun alohida shaharsozlik loyihalarini ishlab chiqadi. Xavfsizlik kuchlarining dahshatli to‘qnashuvlariga sabab bo‘lgan chegara masalasi sovuq urush davrida yanada keskin tus oladi.
Afg‘oniston sovuq urushda sovetlarning diplomatik, moliyaviy va harbiy yordamini oladi, Pokiston esa AQSh tarafida turadi.
Pokiston 1947 yildan beri mintaqaviy dushman deb bilgan Hindiston ham sovetlarga yaqin edi.
Mintaqadagi eng muhim ikki raqibi unga qarshi hamkorlik qilmoqda deb hisoblagan Islomobod Afg‘onistondagi noqonuniy guruhlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatini olib boradi.
1970-yillardan boshlab Pokiston Afg‘onistonda pushtunlarni vahobiylik ta'limoti bilan madrasalarda o‘qitishni boshlaydi. Uning asosiy maqsadi – pushtunlarning etnik kimligini emas, balki islomiy kimligini oldingi planga chiqarish orqali pushtun ayirmachi harakatlarning oldini olish, shu bilan birga, Afg‘onistonda sovetlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hokimiyatga qarshi bo‘lgan guruhlarni qo‘llab-quvvatlash edi. Pokistonda o‘qigan bu jangchilar «mujohidlar» deb ataladi.
1979 yil sovetlar Afg‘onistonda o‘zlari qo‘llab-quvvatlagan hokimiyatga qarshi boshlangan qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun mamlakatga qizil armiya qismlarini kiritadi. AQSh esa Pokiston mujohidlarni o‘qitadigan madrasalarni qo‘llab-quvvatlay boshlaydi.
Shu tariqa Afg‘oniston qabul qilmagan va kirish-chiqishga ruxsat bergan «chegara chizig‘i» Pokistondan mujohidlar, qurol-yarog‘lar va pullar osonlik bilan oqib o‘tadigan yo‘lga aylanadi.
1980 yilda Kobul vakillari chegarani yopish talabi bilan Islomobodga boradi, Pokiston esa buni rad etadi va chegarani mujohidlar uchun ochiq qoldiradi.
AQSh va Saudiya Arabistoni yordami bilan Pokiston Afg‘onistonda kelajakda hokimiyatni egallashi mumkin bo‘lgan to‘rtta guruhni qo‘llab-quvvatlaydi.
1989 yilda sovetlar Afg‘onistondan butunlay chiqib ketgach, 1990-yillarda haqiqiy kuch o‘zi qo‘llab-quvvatlagan guruhlarda emas, balki toliblarda ekanini ko‘rgan Pokiston o‘z yordamini ularga qaratadi.
AQSh Tinchlik instituti tomonidan 2021 yilda e'lon qilingan hisobotda Pokiston o‘sha paytda o‘z chegaralarida o‘qitilgan mujohidlarning bir qismini Hindiston bilan ziddiyatga olib kelgan Kashmir viloyatiga ham yuborgani aytiladi.
Agar Pokiston 1996 yildan beri Kobuldagi boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlasa, mintaqadagi Rossiya, Eron va Hindiston kabi davlatlarga qarshi o‘z pozitsiyasini kuchaytirishi mumkin edi. Shu bois, u bu borada rejalar tuzadi. Bu haqda yuqoridagi hisobotda ham aytiladi.
Pokiston muvaffaqiyatli va jasur deb bilgan talabalarni AQShning mintaqadagi rasmiylariga tanishtiradi.
Pokistonlik tadqiqotchi jurnalist Ahmad Rashidga ko‘ra, 1971 yilda Pokistondagi madrasalar soni 900ta edi va bu raqam 1988 yilda 8 mingdan oshgan. Chegara hududlarida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yana 25 ming maktab bor edi.
1996-2001 yillarda Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan toliblarni faqat uch davlat – Saudiya Arabistoni, Pokiston va BAA qonuniy deb tan oladi.
«Tolibon» bilan tinchlik muzokaralarida Pokistonning roli
2001 yil oxirida AQShning «Tolibon» nazorati ostidagi Afg‘onistonga harbiy aralashuvi boshlanadi. Qisqa vaqt ichida «Tolibon» hukmronligi ag‘dariladi va uning aksar a'zolari Pokistonga qochib ketadi.
Sovuq urush paytida ham G‘arb lagerida bo‘lgan Pokiston Afg‘onistondagi «terrorizmga qarshi kurash»da AQSh tarafdori ekanligini e'lon qiladi. Biroq u bir tomondan toliblar bilan ham aloqani uzmaydi.
2004 yilda AQSh ko‘magida Afg‘oniston prezidenti sifatida ish boshlagan va 2014 yilgacha o‘z vazifasini davom ettirgan Hamid Karzay «Tolibon»ning AQSh ishg‘oliga qarshi hujumlari kuchaygan bir paytda to‘g‘ridan to‘g‘ri Pokistonga ishora qilib, uni «Afg‘oniston xavfsizligiga ko‘z yumib, mintaqada satellit urushini qo‘llab-quvvatlash»da ayblaydi.
Boshqa tomondan Pokiston satellit urushi olib borish darajasida tashkilot ustidan kuchli ta'sirga ega emasligini ta'kidlaydi.
Bu qisman haqiqat edi. Iqtisodiyoti yomonlashgani bois, Pokiston «Tolibon» rahbarlariga nisbatan joriy etilgan xalqaro sanksiyalardan qochish uchun ayrim mayda guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni kamaytiradi.
Biroq bu jarayonda «Tolibon» asoschilari va yuqori lavozimli rahbarlari Pokistonda qolish, mulk sotib olish va hatto tijorat ochish orqali tirikchilik qilishni davom ettiradi.
«Tolibon» jangarilari jarohat olganda Pokiston chegarasini kesib o‘tgani va shu yerdagi shifoxonalarda davolangani haqida ma'lumotlar bor.
Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi shifoxonalarda ishlaydigan shifokorlar xalqaro axborot agentliklar bilan suhbatda Chaman (Afg‘oniston tomonida Spin- Boldak) va Torkam chegaralarida afg‘on armiyasi bilan jang paytida jarohat olgan toliblar Pokiston kasalxonalariga olib kelingani va shu yerda davolanganini aytishgan.
Anonim tarzda ma'lumot bergan shifokorlarning aytishicha, davolanishi uzoq davom etgan yaradorlarning bir qismi Pokistonning Kvetta shahriga olib ketilgan. Kvetta yuqori darajali tolib rahbarlarining qarorgohi sifatida tanilgan. Shuning uchun ham yuqori boshqaruv «Kvetta kengashi» deb ham ataladi.
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Pokistonning «Tolibon»ga ta'siri mavjudligiga ishonib, Afg‘onistondan chiqish uchun «Tolibon» bilan muzokara olib borayotganida Pokistondan yordam so‘raydi. 2020 yilda Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» o‘rtasida muzokaralar boshlanganda ham u «Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida Pokistonning o‘rni qanchalik muhim» ekanligini ochiq aytadi.
Shuningdek, Turkiya ham AQSh chiqib ketganidan keyin qabul qilib olishni rejalashtirayotgan Kobul aeroporti xavfsizligini ta'minlash vazifasi bo‘yicha Pokiston bilan aloqaga chiqqan. Chunki «Tolibon» bilan muzokaralarda toliblar «Turkiyani istilochi davlat sifatida ko‘rishi»ni aytgandi.
BBC turk xizmatiga ma'lumot bergan turk diplomatik manbalarining bildirishicha, Turkiya amalga oshirmoqchi bo‘lgan vazifadan Pokiston bezovtalangan va shu bois ham «Tolibon»ning keskin munosabatini yumshatishga harakat qilmagan.
AQShning chiqib ketish jarayonida tezlik bilan harakatlangan «Tolibon»ga qarshi kurashgan, mamlakat g‘arbidagi Hirot atrofida kuchli harbiy yetakchi sanaluvchi, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qo‘mondon Ismoil Xon ham mahalliy matbuotga bergan bayonotida o‘z mamlakatidagi urushning sababchisi sifatida Pokistonni ko‘rsatadi:
«Men aniq ayta olamanki, bu urush Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» o‘rtasida emas. Bu Pokistonning afg‘on xalqiga qarshi urushidir», deydi u.
Garchi Pokiston 30 yildan oshiq vaqt davomida «Tolibon»ning eng yaqin tarafdori bo‘lgan esa-da, Rossiya, Eron va Xitoy kabi davlatlar ham bu tashkilot bilan aloqaga kirishdi. Xalqaro tan olinish ehtimoli bo‘lgan, AQSh chiqib ketishini e'lon qilganidan so‘ng sohada o‘z kuchini namoyon qilgan «Tolibon» ham Pokistonga bo‘lgan qaramligini kamaytirdi.
Shu sababli, ayniqsa, amerikalik ekspertlar Pokiston «Tolibon»ga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi» degan gaplar qisman haqiqat ekaniga qo‘shilishadi.
Biroq unutmaslik kerakki, «Tolibon»ning yuqori martabali a'zolarining ko‘pchiligi hali ham oilalari bilan Pokistonda yashaydi.
Amerikalik ekspertlarning ta'kidlashicha, agar toliblar Kobuldagi o‘tish davridan keyin Afg‘onistondagi hokimiyatini mustahkamlasa va ma'lum darajada xalqaro tizimga integratsiyalashsa, o‘z oilalarini ham Afg‘onistonga ko‘chirib, Pokiston bilan munosabatlarni minimallashtirishi mumkin.
AQShdagi xalqaro tahlil markazi – Karnegi Xalqaro tinchlikni targ‘ib qilish jamg‘armasi avgust oyida bergan hisobotda aytilishicha, Afg‘onistondan chiqish qarorini oxirgi bo‘lib imzolagan AQSh prezidenti Jo Bayden ham Pokiston armiyasi rahbarlarining «Tolibon»ga ta'sir o‘tkaza olish kuchiga ishonadi.
Shunga ko‘ra, Bayden «Tolibon»ni Afg‘oniston hukumati bilan hokimiyatni bo‘lishish borasida murosaga olib kelish uchun Pokiston armiyasidan o‘z ta'sir kuchini qo‘llashni so‘radi. Buning evaziga esa u toliblarga xalqaro miqyosda tan olinish va moliyaviy yordam va'dasi berilishini aytdi. Biroq Islomobod «Tolibon» hokimiyatni egallab olgan bir paytda Baydenning talabini bajarishdan bosh tortdi.
Pokiston rasmiylari «Tolibon» hukumati Kobulda bo‘lishini xohlamasliklari»ni aytishmoqda
Garchi Afg‘onistondan Pokistonga qarshi ayblovlar yog‘ilayotgan bo‘lsa-da, Pokiston ma'muriyati ularni rad etmoqda va 20 yildan so‘ng Afg‘onistonda «Tolibon» hukmronligini ko‘rishni istamasligini bildirmoqda.
Pokiston bosh vaziri Imron Xon AQSh chiqib ketishini e'lon qilganidan beri qatnashgan ko‘plab xalqaro uchrashuvlarda «Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishini xohlashlarini va ular hech bir tarafni qo‘llab-quvvatlamaganlarini, «Tolibon»ning hokimiyatni egallashiga aniq bir tarzda qarshi chiqqanlarini» ta'kidladi.
Biroq bu orada urushda halok bo‘lgan «Tolibon» jangchilarining dafn marosimlari Pokistonda, boz ustiga, juda ko‘p odam ishtirokida o‘tkazilishi davom etdi.
Shuni ham yodda tutish kerakki, Imron Xon 2020 yil iyun oyida parlamentda qilgan nutqida «Al-Qoida» rahbari Usama bin Lodin uchun «shahid» iborasini ishlatgan (AQSh 2010 yil Pokistonning Abbotobod shahrida o‘tkazilgan operatsiyada Usama bin Lodinni o‘ldirgandi).
«Amerikaliklar Abbotobodga kelib, Usama bin Lodinni o‘ldirib, uni shahid qilishganda biz pokistonliklarning qanchalik uyatga qolganimizni hech qachon unutmayman», degandi Xon ushbu operatsiya haqida qilgan chiqishida.
Pokistonda ko‘plab afg‘on qochqinlari mavjud. BMTning qochoqlar bo‘yicha oliy komissarligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Afg‘onistonni 400 ming kishi tark etgan. Dunyo bo‘ylab 2,6 million afg‘on qochqinlarining 1,4 millioni Pokistonda istiqomat qiladi.
Mavzuga oid
19:04 / 26.11.2024
Pokistonda minglab namoyishchilar sobiq bosh vazir Imron Xonning ozod etilishini talab qilmoqda
13:27 / 26.11.2024
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi parvozlar geografiyasi kengaytiriladi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
20:17 / 13.11.2024