O‘zbekiston | 18:05 / 26.08.2021
11395
8 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘proq investor kelishi uchun aytilgan g‘oyalar amalga oshishi kerak”

20 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbirda davlat rahbari e'lon qilgan yangiliklar yuzasidan amerikalik va xitoylik ikki investor, shuningdek, ikki nafar mahalliy tadbirkor o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Azizxon Alijonov, “DAZA” O‘zbekiston–Bolgariya qo‘shma korxonasi rahbari

— Shuni ta'kidlash kerakki, muloqot samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi. Tadbirdagi eng asosiy va muhim narsalardan biri – yerning tadbirkorlarga mulk qilib sotilishi bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bundan keyin tadbirkor yerining qiymati bo‘ladi, qiymati bor narsa esa narxlanadi. Shu paytgacha yer sotilmas edi va bu tadbirkorlarga bir qancha muammolar tug‘dirardi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovatt quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar elektr ta'minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lashi haqida gapirib o‘tildi. Shu paytgacha elektr ta'minotini o‘tkazish ko‘p muddat talab etardi va eng og‘riqli nuqtalardan biri hisoblanardi.

Shu o‘rinda aytishim mumkinki, tadbirkorlarni qiynayotgan ko‘plab muammolar ijobiy hal qilindi. Menda ham davlat rahbariga taklif bilan chiqish xohishi bor edi, lekin navbat tegmagani uchun bunga imkon bo‘lmadi. Xususan, o‘zim istiqomat qiladigan Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Yaypan shahrida kanalizatsiya bilan bog‘liq vaziyat tadbirkorlarga ham, oddiy aholiga ham azob bermoqda. Balki bu muammo ham davlat rahbarining mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish haqidagi topshiriqlaridan keyin ijobiy hal qilinar.

Bundan tashqari, bizga yaqin hududlardagi ko‘plab yosh qizlar o‘qish uchun Qirg‘izistonga ketishyapti. Bu ham katta bir muammo aslida. Shuning uchun yaqin hududlardan birida xotin-qizlar uchun biznes maktabi yoki oliy ta'lim muassasasi tashkil etilsa, juda yaxshi ish bo‘lardi.

Den Patterson, Jizzaxdagi «Silverleafe International» kompaniyasi direktori (AQSh)

— Oxirgi 3 yil davomida O‘zbekistonda tadbirkorlar va biznesmenlarga katta e'tibor berilyapti. Mening e'tiborimni tortgan narsa – davlat rahbarining shaxsan o‘zi har bir tadbirkorga alohida e'tibor berib, u bilan muloqot qilyapti. 20 avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan keyin amin bo‘ldimki, har sohadagi tadbirkorlar muammolari tizimli o‘rganilib, ularga yaxshi sharoitlar yaratib beriladi. Shuni aniq aytishim mumkinki, bu – biznes boshlanishi va rivojlanishini tezlashtiradi.

Bundan tashqari, menga o‘xshagan individual tarzda biznes bilan shug‘ullanadigan odam uchun boshqa hamkasblarim bilan tanishish va ular bilan o‘zimizni qiynayotgan muammolar yuzasidan fikr almashish imkoniyati paydo bo‘ldi. Men O‘zbekistondagi biznes muhiti o‘sishiga optimistik tarzda qarayman.

Chet eldan keladigan investorlar nafaqat iqtisodiy barqarorlik, balki mamlakatdagi siyosiy barqarorlikka ham katta e'tibor qaratishadi. Mustaqillikdan keyingi yillarda O‘zbekistonning boshqa davlatlarga ochilishi juda sekin kechdi. Mening oilaviy aloqalarim borligi uchun O‘zbekistonga boshqalarga qaraganda ancha oldin kelganman. Avvallari investorlar soni juda kam bo‘lardi. Oxirgi yillarda ularning miqdori ancha ko‘paydi.

O‘zbekistonda hukumat tomonidan ko‘plab yaxshi loyihalar ilgari surilmoqda, ammo ularning hammasi ham amalga oshayotganicha yo‘q. Agar ilgari surilayotgan g‘oyalar amalga oshsa, boshqa investorlar ham buni ko‘rib, O‘zbekistonga kelishi tezlashadi. Ularning ishonchi ortadi.

Bundan tashqari, yoshlarga o‘rgatilayotgan ilmlarni amalda qo‘llashga imkoniyat yaratib ham berish kerak. O‘zbekistonda nazariy va amaliy ilmlarning mutanosibligi borasida muammolar bor.

Bin Jung, «Huaxin Cement Jizzakh» MChJ rahbari (Xitoy)

— Men Jizzaxda sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganman. Bu sohaning muammolarini juda yaxshi bilaman. O‘zbekiston prezidenti noruda qazilmalarga yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytirilishini aytib o‘tdi. Bu bizni judayam xursand qildi. Mening korxonamda 400 ta xodim ishlaydi. Shundan 100 nafari Xitoydan kelgan mutaxassislar bo‘lsa, qolgan 300 tasi mahalliy ishchilar. Soliqning o‘ziga 16 million dollar to‘laganman.

Soliq yukining kamayishi sabab ortgan pulni ishlab chiqarishga va kompaniyani yanada kengaytirishga qaratmoqchiman.

Shu bilan bir qatorda, hammasi zo‘r deb ham ayta olmaymiz, o‘ziga yarasha muammolarimiz bor. Tez hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar juda uzoq vaqt talab etadi. Bu, ayniqsa, geologiya sohasidagi tashkilotlar va soliq idoralarida ko‘p uchraydigan holat. Bizga o‘xshagan xorijiy tadbirkorlarga bitta ma'sul xodimni yoki idorani biriktirsa-yu, o‘sha orqali hamma ishlarimizni hal qilsak. Natijada ham bizning korxona rivojlanadi, ham bizga qarab turgan potensial investorlar orqali yanada ko‘proq sarmoya jalb qilinardi.

Qodirxon Ahmedov, «Turon Ferro Concrete Producs», «Turon Eco Cement Group» MChJ va Turon futbol klubi rahbari

— Tadbirkorlik faoliyatimni 1995 yilda boshlaganman. O‘shanda “Nihol” degan firmani ochib, g‘isht va gips ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandim. Lekin tadbirkorligimizning asosiy rivojlangan qismi so‘nggi 5 yilga to‘g‘ri keladi. Oldinlari bizda xavotir bor edi. Istalgan paytda qaysidir jinoyatga aloqadorlikda ayblanib, qamalib ketishdan qo‘rqib yashardik. Ishlab chiqarib, sotgan mahsulotlarimiz uchun bankdan naqd pul ola olmasdik. Bu juda katta muammo edi. Chet eldan asbob-uskuna olib kelish uchun valuta konvertatsiyasi jiddiy muammo edi. Shu ikki narsa o‘zgarishining o‘zi ko‘p ishlarimizning ijobiy tomonga siljishiga katta turtki bo‘ldi.

Oxirgi 4 yil ichida 3 ta zavod, bitta restoran ochdik, futbol klubi tashkil qildik. Xodimlarimizning soni 1,5 mingdan oshdi. Bugungi kundagi eng muhim jihatlardan biri – bizda ishonch bor.

Erkin iqtisodiy zonada korxonalarimiz bor. Oxirgi paytlarda berilgan imtiyozlar tugatilib, soliq to‘laysizlar degan gaplar ko‘paygandi. Ammo davlat rahbari ushbu imtiyozlarning ham saqlab qolinishini ta'kidladi.

Oldinlari zavod qurish uchun yerni hokimlikdan vaqtinchalik ijara huquqi asosida olardik, yer xususiy mulk emasdi. Endilikda yerning xususiy mulkka aylanishi natijasida uni bozor munosabatlariga kiritishimiz mumkin. Faydalanayotgan yerimizning bahosi paydo bo‘ldi.

Oxirgi paytda chetdan katta miqdorda sement import qilish boshlanganidan keyin, raqobatda muammolar paydo bo‘layotgandi. Ushbu sohada soliqlarning ikki baravarga qisqartirilishi natijasida mahsulotlarimizning tannarxi pasayadi va chetdan kelayotgan mahsulotlar bilan narx borasida ham erkin raqobat qila olamiz. Bizga bozorda katta muammolar bor edi. Endilikda savdoga ancha arzon narxlarda sement chiqarish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Mavzuga oid