O‘zbekiston | 11:13 / 26.08.2021
8747
2 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy tarzda KFC mahsulotlarini yetkazib berish holatlari aniqlandi

Noma'lum shaxslar KFC kompaniyasining rasmiy veb-saytiga o‘xshash tarzda yaratilgan, ammo unga hech qanday aloqasi bo‘lmagan norasmiy veb-sayt orqali buyurtma olish va yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullangan.

Foto: Getty Images

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga «Kentucky Fried Chicken Holdings LLC» (AQSh)ning vakili murojaat qilib, internet orqali Toshkentda KFC mahsulotlariga buyurtma qilish va yetkazib berish uchun noqonuniy saytlar ishlayotganini ma'lum qilgan. O‘rganishlar davomida noma'lum shaxslar tomonidan aynan kompaniyaning rasmiy veb-saytiga o‘xshash tarzda yaratilgan, ammo unga hech qanday aloqasi bo‘lmagan norasmiy veb-sayt mavjudligi aniqlangan. Mazkur «sayt»lar xorijiy domenlarda ro‘yxatdan o‘tgani va aloqa ma'lumotlari mavjud emasligi sababli ularning egalarini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.

Buyurtmalar kim tomonidan qabul qilinmoqda?

Buyurtma olish va uni yetkazib berish jarayoni quyidagi tarzda ishlab chiqilgan: iste'molchilardan buyurtmalar elektron shaklda qabul qilinadi, shundan so‘ng operator mijozga qayta qo‘ng‘iroq qilib, yetkazib berish manzili va taom buyurtmasini aniqlab oladi. Qiziqarli jihati shundaki, to‘lovlar faqat naqd pul shaklida qabul qilinadi va chek berilmaydi.Taqqoslab ko‘rilganda, noma'lum saytlardagi buyurtma narxlaridagi farq bir necha ming so‘mga qimmatroq bo‘ladi. Shaxsi noma'lum kishilar o‘zlarini rasmiy vakil sifatida ko‘rsatib, noqonuniy vositachilik xizmatlarini uyushtirganlar. Ayni paytda noqonuniy faoliyat yuritayotgan «sayt»lar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi agarda saytlarda yuridik shaxs, manzili, bog‘lanish telefon raqamlari haqida ma'lumotlar bo‘lmasa, shuningdek, to‘lovlarni faqat naqd pul ko‘rinishida to‘lash shartlari berilsa, bu noqonuniy holat hisoblanishini eslatib o‘tmoqda.

Mavzuga oid