O‘zbekiston | 18:37 / 31.08.2021
28940
4 daqiqa o‘qiladi

Maktab ham, bog‘cha ham qabul qilmayotgan bolalar. Ular qayerda qoladi?

Boshlanayotgan yangi o‘quv yili arafasida farzandi 2015 yilning 1 yanvaridan keyin tug‘ilgan ota-onalar uchun muammoli holat yuz bermoqda.

Foto: Unsplash

O‘tgan yili sentyabrda “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi va maktab yoshi 7 yosh deb belgilandi. Bunga qadar bolaning aqliy salohiyatiga ko‘ra 6 yoshdan ham maktabga qabul qilinishi mumkin edi. Joriy o‘quv yilidan boshlab bola faqat 7 yoshga to‘ladigan yilidagina maktabga chiqishi mumkin bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, maktabga chiqadigan bolalar uchun bog‘chalarda bir yillik majburiy tayyorlov kurslari tashkil etilgan va unda joriy yilda 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar ham maktabga tayyorlangan. Lekin tayyorgarlik yakunlanib, o‘quv yili boshlanishi oldidan tug‘ilgan oylaridagi farq (7 yoshga to‘lmagani) sabab bu bolalar maktabga qabul qilinmagan.

Bu holat shu yoshdagi farzandi bor ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Chunki bolalarning 7 yoshga to‘lmagani sabab ularni maktab ham qabul qilmaydi. Tayyorlovni tugatgani sabab bog‘chada ham ular ortiqcha.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida mas'ul vazirliklar bilan bog‘landi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova:

— O‘zbekiston Respublikasi “Ta'lim to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunning 9-moddasida umumiy o‘rta ta'lim tashkilotlarining birinchi sinfiga bolalar ular 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi, deb belgilab qo‘yilgan. Masalan, joriy 2021/22 o‘quv yilida 1-sinfga chiqadigan bolalar 2021 yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘ladigan bo‘lishi, ya'ni 2014 yilning 31 dekabr kuniga qadar tug‘ilgan bo‘lishlari lozim.

Hozir maktabga chiqayotgan bolalar orasida 7 yoshga to‘lmagan bolalar ham bor. Biz qonun doirasida ish olib boryapmiz. 2015 yilning 1 yanvaridan keyin tug‘ilgan bolalar keyingi o‘quv yilida maktabga qabul qilinadi. Chunki ular 2022 yilda 7 yoshga to‘ladi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva:

— Maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarni boshlang‘ich ta'limga tayyorlash uchun bir yillik majburiy tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Lekin qonunga binoan 2021 yilda 7 yoshga to‘lmagan bolalar maktabga qabul qilinmagani sababli ular yana bog‘chada tarbiyalanishni davom ettirishlari yoki uyda ota-ona nazoratida bo‘lishlari mumkin.

***

Ayni damdagi muammo shundaki, tahririyatga ma'lum manbalarga ko‘ra, ayrim joylarda bola joriy yilda 7 yoshga to‘lmasa-da qonunni chetlab o‘tib 1-sinfga qabul qilinayotgani haqida ma'lumotlar bor.

Bog‘chalarda bir yillik tayyorlov kursini o‘tab bo‘lgan, ammo yoshi sabab endi bog‘chadan chiqarib yuborilayotganlar haqida ham ma'lumotlar kelib tushmoqda.

Deputatlar Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan maktabga chiqadigan bolalar uchun bir yillik majburiy tayyorlov amalga oshirilgani, lekin hozirda minglab bolalar yoshi nuqtayi nazaridan maktabga qabul qilinmayotgani va bu ota-onalarning ko‘plab e'tiroziga sabab bo‘layotganiga ham e'tibor qaratib, xalqning bironta bolasi ko‘chada qolmasligi kerakligini ta'kidladi.

Ammo hozircha masala tugal yechim topgani yo‘q.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2021/22 o‘quv yilida 641 604 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilinyapti. 2020/21 o‘quv yilida bu raqam 650 ming nafardan ortiqni tashkil qilgan.

Davlat xizmatlari agentligidan olingan ma'lumotga ko‘ra, 2015 yil 1 yanvardan to 31 avgustga qadar O‘zbekistonda 471 572 nafar bola tug‘ilgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, mana shu oraliqda tug‘ilgan va maktabga tayyorlovni tugatgan bolalarning aksariyati joriy o‘quv yilida na maktabga va na bog‘chaga bora olmaydi.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid