O‘zbekiston | 12:23 / 14.09.2021
17955
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga rekord darajada kartoshka import qilindi

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston umumiy qiymati 35,4 million dollarlik 310 ming tonna kartoshka import qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ko‘p.

EastFruit tahlilchilarining qayd etishicha, bu o‘tgan 20 yil mobaynidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ekspertlarning ta'kidlashicha, kartoshka importi hajmi oshishi ichki bozorda narxlar barqarorlashishiga ta'sir o‘tkazgan.

Yanvar-iyul oylarida kartoshka importi bo‘yicha avvalgi rekord o‘tgan 2020 yili qayd etilgan edi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 7 oyida kartoshka importi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 79,1 ming tonnaga yoki 34 foizga oshgan.

2019 yilgi ma'lumotlar – EastFruit tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020-2021 yilgi ko‘rsatkichlar –  Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlari.

2021 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga kartoshka importining deyarli butun hajmi (99,7 foiz) olti mamlakatdan yetkazib berilgan:

  • Eron – 119 ming tonna (umumiy import hajmining 38,5 foizi);
  • Qozog‘iston – 85 ming tonna (27,4 foiz);
  • Pokiston – 75,5 ming tonna (24,4 foiz);
  • Qirg‘iziston – 16,8 ming tonna (5,4 foiz);
  • Niderlandiya – 8,1 ming tonna (2,6 foiz);
  • Rossiya – 4,2 ming tonna (1,4 foiz);
  • Boshqa mamlakatlardan – ming tonna (0,3 foiz).

Shu bilan birga, O‘zbekistondan ushbu mahsulotning boshqa mamlakatlarga eksport ulushi juda kam.

Respublika Bojxona qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar oyi boshidan 2021 yilning iyul oyi oxiriga qadar, ya'ni bir yarim yildan ko‘proq vaqt ichida kartoshka eksportining umumiy hajmi atigi 2,9 ming tonnani tashkil etgan.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 1,5 million tonnadan ziyod kartoshka yetishtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 foizga ko‘p.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid