Jahon | 15:59 / 18.09.2021
8834
2 daqiqa o‘qiladi

Jazoirga 20 yil prezidentlik qilgan Abdulaziz Buteflika vafot etdi

Jazoirning sobiq prezidenti Abdulaziz Buteflika 84 yoshida olamdan o‘tdi. Mamlakat prezidenti kanselyariyasi ma'lumotiga ko‘ra, Buteflika uzoq vaqt davom etgan kasallik tufayli vafot etgan.

Bu surat 2012 yilga oid. 2019 yilda u beshinchi marta saylanmoqchi bo‘lgandi.

Abdulaziz Buteflika Jazoir prezidentligiga ilk marta 1999 yilda, uning barcha raqiblari saylovlardagi qoidabuzarliklarga norozilik sifatida o‘z nomzodlarini qaytarib olgan sharoitda saylangandi. Shundan so‘ng u yana bir necha marta lavozimga qayta saylandi, buning uchun 2014 yilda konstitutsiya o‘zgartirilib, prezidentlikka nomzod bo‘lishning maksimal muddati bo‘yicha cheklov bekor qilingandi.

U 2013 yilda insultni boshdan kechirgan, shundan keyin deyarli tildan qolgan va kolyaskada doimiy kuzatuvchi yordamida harakatlanadigan bo‘lgandi. Shundan keyin u jamoatchilikka kam ko‘rina boshlaydi. So‘nggi marta uni 2017 yilda televideniyeda ko‘rsatishgan, o‘shanda u mamlakat poytaxtidagi metro bekati va masjidni ochib bergandi.

2019 yilda, xorijdagi uzoq vaqtlik davolanishdan qaytgan va yoshi o‘tib qolganiga qaramay, beshinchi muddat uchun saylovda qatnashishga qaror qiladi. Bu esa ommaviy namoyishlarga olib keladi, shundan keyin, 2019 yilning 2 aprel kuni u armiya bosimi ostida iste'foga chiqishga majbur bo‘ladi.

Birinchi prezidentlik muddati boshida Buteflika mamlakatdagi qurolli radikal guruhlar bilan kelishuvga erishib, mamlakatda 1990-yillardan buyon davom etgan fuqarolik urushiga chek qo‘ygandi.

Uning iste'fosidan keyin norozi qatlamni tinchlantirish uchun yangi hukumat sobiq prezident atrofidagi amaldorlarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha tekshiruvlar boshlagan va uning yaqinlaridan bir necha kishi, jumladan uning ukasi, so‘nggi bir necha yillarda amalda Jazoirga rahbarlik qilgan Said Buteflika sudlanib, qamoqqa tashlangandi.

Mavzuga oid