O‘zbekiston | 12:28 / 18.09.2021
22953
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikning asosiy jihatlarini ma'lum qildi

Afg‘onistonda yangi hokimiyat oldida jamiyatni jipslashtirishdan tortib barcha etnosiyosiy guruhlarni o‘z ichiga olgan layoqatli hukumatni shakllantirishgacha bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan murakkab yo‘l turibdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Shanxay hamkorlik tashkiloti – Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti” formatidagi uchrashuvdagi nutqida ma'lum qildi.

“Afg‘onistondagi barchamizni tashvishlantirayotgan vaziyat meni ham xavotirga solmoqda. Haqiqatdan ham, bugun ushbu mamlakatda mutlaqo yangi voqelik qaror topdi – juda qisqa vaqtda “Tolibon” harakati deyarli butun hokimiyatni o‘z qo‘lida jamladi. Yangi hokimiyat oldida jamiyatni jipslashtirishdan tortib barcha etnosiyosiy guruhlarni o‘z ichiga olgan layoqatli hukumatni shakllantirishgacha bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan murakkab yo‘l turibdi. Mohiyatan, vaziyatni barqarorlashtirish istiqbollari, afg‘on davlatchiligining tiklanishi va, umuman, xalqaro hamjamiyat bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi shunga bog‘liq bo‘ladi”, dedi O‘zbekiston prezidenti.

Qayd etilishicha, hozirgi sharoitda mamlakat fuqarolik urushi va gumanitar inqiroz domida qolib ketgan, xalqaro hamjamiyatdan yakkalanib qolgan, uning hududi esa xalqaro terrorchilik va narkotiklar ishlab chiqarish “xabi”ga aylangan davr - to‘qsoninchi yillardagi holatiga yana qaytib qolmasligiga qat'iy kafolatlar yo‘q.

“Eng yaqin qo‘shni sifatida biz o‘sha yillardagi shunday xavf-xatar va tahdidlarga bevosita duch kelganmiz hamda Afg‘onistondagi vaziyat shu ssenariy asosida rivojlanishi ehtimolining barcha salbiy oqibatlarini aniq-ravshan anglab turibmiz.

Shu munosabat bilan Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikning asosiy jihatlari borasidagi nuqtai nazarimiz bilan bo‘lishmoqchiman.

Birinchi. Afg‘oniston hududi xavfsizligimizga tahdid va xatarlar manbai bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu borada so‘z yuritganda, eng avvalo, ekstremizmning ortishi va radikal mafkuraning eksportini, Afg‘oniston hududidan mamlakatlarimizga qarshi qo‘poruvchi harakatlar uchun foydalanishni, jangarilarning chegaralarni buzib o‘tish xavfini nazarda tutyapman.

Umumiy sa'y-harakatlar bilan, qat'iy choralar ko‘rgan holda, birgalikda terrorchilarni “qaynoq nuqtalar”dan Afg‘onistonga ko‘chirish kanallarini kesish muhimdir. Shu munosabat bilan ShHT MATT Ijroqo‘mi va KXShT Kotibiyati, shuningdek, davlatlarimiz maxsus xizmatlari yo‘nalishida amaliy hamkorlikni kengaytirish tarafdorimiz.

Ikkinchi. Yangi hokimiyatni tan olish jarayoniga kirish uchun sharoitlar yaratish maqsadida Afg‘oniston va uning atrofidagi vaziyatning rivojlanishiga nisbatan ShHT va KXShTning umumiy strategik yondashuvini ishlab chiqish g‘oyatda muhimdir.

Uchinchi. Yangi hukumat bilan muloqot u o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishiga yarasha amalga oshirilishi lozim. Bular qatorida – xalqaro terrorchilik tashkilotlariga rahnamolik qilmaslik; Afg‘oniston hududidan uchinchi mamlakatlarga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik; inson, shu jumladan xotin-qizlar va milliy ozchiliklarning asosiy huquq va erkinliklariga rioya qilinishini ta'minlash.

To‘rtinchi. Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish muhim ahamiyatga ega. Murakkab vaziyatga qaramasdan, biz O‘zbekiston-Afg‘oniston transport uzeli – ushbu mamlakatga oziq-ovqat va neft mahsulotlarini yetkazib berish uchun eng muhim yo‘l faoliyatini, shuningdek, elektr energiyasining uzluksiz ta'minotini to‘xtatmadik.

Shuni alohida ta'kidlamoqchimanki, yordamning to‘xtatilishi jafokash afg‘on xalqining shundoq ham og‘ir ahvolini yanada qiyinlashtiradi. Ayni paytda yangi hokimiyat qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda xavfsizlikni kafolatlashi shart.

Beshinchi. Afg‘onistonning yakkalab qo‘yilishi va uning nazardan qolib ketgan mamlakatga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Shu nuqtai nazardan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonga ko‘maklashish borasidagi xalqaro sa'y-harakatlarni safarbar qilish va muvofiqlashtirish uchun yanada ko‘proq mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin bo‘lardi, deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda barcha manfaatdor tomonlar bilan yaqin va samarali hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirish niyatida”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid