Jamiyat | 17:31 / 20.09.2021
15335
11 daqiqa o‘qiladi

“Xorijda hech qanday imtihonsiz o‘qing” – usti yaltiroq reklamalar haqida

OTMlarga hujjat topshirgan abituriyentlarning hammasi ham talaba bo‘la olmaydi. Sababi kvota chegaralangan. Imtihondan yiqilganlar uchun “hech qanday imtihonsiz talaba bo‘ling”, “1 yildan keyin o‘qishingizni O‘zbekistonga ko‘chirishga yordam beramiz”, degan takliflar esa juda ko‘p. Xpress.uz chiroyli reklamalarga “tushib” qolmaslik, ularni tekshirish haqida material tayyorladi.

OTMlarga kirgan abituriyentlar allaqachon o‘qishni boshlab yuborishdi. Lekin hujjat topshirgan abituriyentlarning hammasi ham talaba bo‘la olmaydi. Bu yil 948 ming odam hujjat topshirgan bo‘lsa, ajratilgan kvota 158 mingga yaqin edi. DTM ma’lumotlariga ko‘ra, jami 179 352 nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi. Demak, juda ko‘pchilikda talaba bo‘lish imkoni yo‘q.

Hozir o‘quv yili boshlanib, o‘qishdan “yiqilgan” ko‘pchilik yana bir yilni qanday o‘tkazish haqida o‘ylanib qolgan payt.

Mana shu vaziyatda o‘qishga kira olmaganlar uchun turli reklama va e’lonlar ko‘paygandan ko‘payyapti. O‘rganishlarimizga ko‘ra, ularning asosiy qismi qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarida imtihonsiz talaba bo‘lish imkonini taklif qiladi. Reklamalar “Hech qanday imtihonsiz talaba bo‘ling”, “1 yildan keyin O‘zbekistonga o‘qishni ko‘chirishingizga ham amaliy yordam beramiz”, “Biror marta bormasdan 1-kursni tugatish mumkin”, degan mazmunda.

“2ta sessiyani ham yopib beramiz...”

Hatto reklamalardan birida “Firma to‘lovi bilan birga 2ta sessiyani ham yopib beramiz”, degan va’da berilgan. Qanday qilib?

Reklama haqida ma’lumot olish uchun telefon orqali bog‘landik:

“Kontrakt to‘lovi 4-4,5 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Firma to‘lovi 6 mln so‘m. Buni ichida 2ta sessiyani yopib berish xizmati ham bor”.

“Qanday qilib?”

“Sessiya pulga yopiladi-da, opajon. Agar mana shu universitet – Qaynar akademiyasiga topshirsangiz, bormasdan o‘qish imkoni bor. Agar bormasdan “zaochnyy” o‘qisangiz, sessiyalarni kamida 200 dollardan yopasiz. O‘qishga chaqirishsa, faqat bir marta borasiz”.

Bunday e’lonlarni berayotgan konsalting firmalar nazorat qilinmaydi

“O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, chet elda o‘qishni taklif qiluvchi konsalting firmalar Davlat xizmatlari agentligidan yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. Ular yuridik shaxs guvohnomasi bilan xizmat ko‘rsatadi.

Konsalting firmalarning faoliyati va ko‘rsatayotgan xizmatlarini nazorat qiluvchi organ yo‘q. Shuning uchun ham asosiy mas’uliyat xorijda o‘qishni xohlagan talabgor yoshlar va ularning ota-onalarida bo‘ladi”, deya ma’lumot berdi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Nizomjon Ishanqulov.

Nizomjon Ishanqulov

Konsalting firmalar, asosan, abituriyentga universitetlarni topib berish va uning hujjatlarini tanlangan OTMga topshirish xizmatini bajaradi. Lekin axborot asri bo‘lgan zamonda bu ishlarni bemalol hammaning o‘zi bajara oladi. Hozir internet orqali xorijdagi OTMlar haqida ma’lumot olish, ularning veb saytiga kirib tanishish va hatto onlayn hujjat topshirish imkoni ham bor. Faqat hammasini sinchkovlik bilan tekshirish talab etiladi.

Qo‘shni davlatda o‘qishni tanlash uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?

Nizomjon Ishanqulovning maslahat berishicha, talabgor, avvalo, o‘zi o‘qimoqchi bo‘lgan davlatning ta’lim tizimi bilan tanishib chiqishi va uning O‘zbekiston ta’lim tizimiga qanchalik mosligini o‘rganishi lozim.

So‘ng talabgor o‘zi tanlagan OTMning faoliyat yuritish uchun litsenziya, akkreditatsiya hujjatlarini tekshirib ko‘rishi kerak.

“Ayni paytda xorijda o‘qish haqidagi reklamalarda O‘zbekistonda tan olinmaydigan ta’lim shaklida o‘qish mumkinligi aytiladi. Masalan, eksternat, masofaviy ta’limni taklif qilishadi.

Yoki ba’zi hollarda talabaga umuman bormasdan o‘qish mumkinligi aytiladi, lekin unga kunduzgi yoki kechki ta’limda o‘qiganligi to‘g‘risida diplom beriladi. Bu hujjatlarni soxtalashtirish hisoblanadi va bunday hujjatni tan olish muammoli”, deya qayd etdi Nizomjon Ishanqulov.

O‘qishni ko‘chirishni hech kim kafolatlay olmaydi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovning qayd etishicha, aksar konsalting firmalar 1 yildan keyin o‘qishni ko‘chirishga yordam ko‘rsatish yoki o‘qishni ko‘chirishni kafolatlash haqida va’dalar beryapti. Lekin bularning barchasi – asossiz.

Abduvali Xoliqov

“O‘qishni ko‘chirishni hech kim, hatto Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ham kafolatlay olmaydi. Sababi o‘qishni ko‘chirishda belgilangan minimal ball mavjud va talabaning o‘zi imtihondan mana shu ballni to‘play olsa, o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chira oladi. Ya’ni hammasi faqatgina uning o‘ziga bog‘liq, boshqa hech kim kafolat bera olmaydi.

Bu yil o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirganlarning 70 foizi imtihondan o‘ta olmadi. Ular vazirlikka kelib, tegishli firmalar bergan va’dalarni vaj qilib ko‘rsatyapti. Biroq vazirlikning bunday firmalarga hech qanday aloqasi yo‘q. Shu sababli fuqarolar ma’lumot olib, befoyda xarajatga tushib qolmaslik uchun ehtiyotkor harakat qilishlarini tavsiya qilamiz”, dedi Abduvali Xoliqov Xpress.uz’ga bergan intervyusida.

Bu yil qancha talabgor o‘qishni ko‘chirish uchun hujjat topshirdi?

Abduvali Xoliqovning ma’lumot berishicha, bu yil o‘qishni ko‘chirish uchun hujjat topshirganlar soni 98 mingdan ortiq bo‘lgan. Ular DTM tomonidan tashkillashtirilgan testni yoki OTMning o‘zida o‘tkazilgan ijodiy imtihonni topshirishdi. Natijalarga ko‘ra, 2021 yilgi talabgorlarning 70 foizi imtihondan o‘ta olmagan. Ya’ni ularda o‘qishni ko‘chirish imkoni bo‘lmadi.

Bu yil o‘qishni ko‘chirish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi OTMlarda o‘tish balli – 66,1 ball, tibbiyot oliygohlarida – 100 ball, yuridik universitetlar uchun 105,84 ball etib belgilangandi.

Imtihondan so‘ng kerakli ballni to‘plagan talabgorlarning ma’lumotlari o‘rganiladi: u o‘qigan xorijdagi OTMning akkreditatsiya hujjatlari, talabgorning haqiqatan o‘sha joyda o‘qigani tekshiriladi va agar hujjatlarda muammo bo‘lmasa, o‘qishni davom ettirishi mumkin.

Osonroq tanlov

E’lonlar mazmuni va o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirishga talabgorlarning bunchalik ko‘pligi qo‘shni davlatlarga o‘qishga boradiganlarning aksari 1 yil o‘qib keyin o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish niyatida ekanini ko‘rsatadi.

Sababi O‘zbekiston OTMlarida o‘tish ballari yuqori bo‘ladi, bu ballni to‘plashdan ko‘ra, 1 yil o‘qigach, “perevod”ning minimal ballini to‘plash osonroq.

Masalan, 2020 yilda Toshkent davlat yuridik universitetining balli eng past bo‘lgan yo‘nalishi uchun o‘tish balli 170,4 ball bo‘lgan. Bu yilgi “perevod” esa yuridik yo‘nalishlar uchun 105,84 ball. 105,84 ball bilan o‘tgan yili yuridik universitetning ostonasiga ham borishga imkoni yo‘q talabgor o‘qishni ko‘chirish orqali shu yildan talaba bo‘la olishi mumkin.

“Odamlar chet elga borib pul to‘lab universitetga kiryapti, o‘qishga bormayapti ham, bir yildan keyin bizdagi nufuzli universitetga o‘qishni ko‘chirib o‘qiyapti. Bu qancha o‘qib, bir ball, yarim ball yetmay o‘qishga kira olmaganlarga nisbatan adolatsizlik-ku”, deb munosabat bildirdi holatga adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Yana bir jihat: maktablarning reytingini aniqlashning bir omili bitiruvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichi bo‘lgani bois maktablarda o‘qishga kira olmaganlarni qo‘shni davlatlarda o‘qishga majburlash holatlari ham uchrayapti.

Shunday holatlarning biri Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi maktablardan birida kuzatilgani haqida material e’lon qilindi. Holatga munosabat bildirgan Navoiy viloyati XTB boshlig‘i Marat Shamuratov “Ayrim sabablarga ko‘ra, 2 nafar bitiruvchining ota-onasi fikridan qaytdi. Biroq shartnoma pulini to‘lab bersa, uyida o‘tirib onlayn o‘qisa, bir yildan keyin o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirsa, buning nimasi yomon?” degan.

Lekin o‘qishni ko‘chira olish kafolatlanmagani ma’lum, yetarli ball to‘play olmagan talaba o‘zi xohlamagan xorijdagi OTMda bir necha yil umrini sarflashiga to‘g‘ri kelsa-chi? Yoki ularda yana bir tanlov: tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qishni ko‘chirish bo‘lishi mumkin. Kontrakt narxlari esa arzon emas.

Keyingi yildan o‘qishni ko‘chirish uchun minimal ballar oshiriladi

Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bir necha marta ta’kidladi.

Vazirlik mas’ul xodimi Abduvali Xoliqov keyingi yildan vazirlik tizimidagi OTMlar uchun o‘qishni ko‘chirish ballari 100 balldan kam bo‘lmasligini, yo‘nalishlarga qarab belgilanishini, talab yuqori yo‘nalishlarning o‘tish balli ham yuqoriroq bo‘lishini ma’lum qildi.

Tanlov har kimning o‘ziga bog‘liq. Istagan odam xorijda bemalol o‘qishi mumkin. Biroq bunday tanlov qilayotganda ozgina ehtiyotkor bo‘lish, reklamalarni faktcheking qilib ko‘rish, eng muhimi, diplom uchun emas, malakaga ega bo‘lish uchun OTMni tanlash muhimroq.

Zilola G‘aybullayeva
jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid