Iqtisodiyot | 21:14 / 24.09.2021
22099
4 daqiqa o‘qiladi

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ o‘zi bergan ma'lumotlar xato ekanini aytmoqda

Kun.uz’da «Qolgan ishga qor yog‘ar» — To‘rt hududda elektr tarmoqlari modernizatsiyasi bo‘yicha reja 40 foizga yetmagan, poytaxtda bu ko‘rsatkich 30 foizdan kam» sarlavhali tahliliy maqola e'lon qilingandi. Unda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 2021 yilda 15 ming km elektr uzatish tarmog‘i va 4 mingta transformator yangilanishi rejalashtirilgani, joriy yil 15 sentabr holatiga jamiyat tasarrufidagi ba'zi viloyat elektr tarmoqlari korxonalari rejaga nisbatan ancha orqada qolayotgani aytilgandi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mazkur maqolaga rasmiy munosabat bildirib, aslida holat maqolada aytilganidan ko‘ra boshqacharoq ekanini ta'kidladi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilgi dasturlar asosida joriy yilga belgilangan vazifalar birinchi navbatda qurib bitkazilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 2 apreldagi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan mazkur dasturlar asosida joriy yilga belgilangan vazifalar birinchi navbatda qurib bitkazildi.

Ma'lumot uchun: «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha 1 696 km elektr uzatish tarmoqlari va 463ta transformator punktlari hamda «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha 270 km elektr uzatish tarmog‘i va 92ta transformator punktlarida yangilash va ta'mirlash ishlari olib borildi.

Shu o‘rinda, joriy yilda jamiyat tomonidan hududlarda taqsimlovchi tarmoqlarni yangilash va modernizatsiya ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olinganini qayd etish lozim.

Ta'kidlash joizki, joylarda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari haqqoniyligi va uni qabul qilish jarayoni yuzasidan yangi tartib joriy qilingan bo‘lib, unga asosan bu boradagi ishlar «mahallabay» usulida tashkil etilishi, ya'ni mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ushbu hududning mahalla raisi va faollarining bevosita ishtirokida topshirilishi belgilangan.

Bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha 9 929 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari tortilgan, 2 868 dona transformator punktlari o‘rnatilgan.

Ma'lumot o‘rnida: taqsimlash tarmoqlari bo‘yicha Toshkent shahrida – 67 foiz, Toshkent viloyatida – 76 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 52 foiz, Surxondaryo viloyatida – 54 foiz, Sirdaryo viloyatida – 55 foizga;

Transformator punktlari bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 81 foiz, Toshkent shahrida – 71 foiz, Toshkent viloyatida – 72 foiz xaqiqatda amalga oshirilgan ishlar hajmiga to‘g‘ri kelmoqda», deyiladi munosabatda.

Ta'kidlash joiz, Kun.uz’da e'lon qilingan maqola aynan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotlar asosida tayyorlangan. Unda elektr uzatish tarmog‘ini yangilash bo‘yicha yillik reja Toshkent shahrida 29,82 foiz, Toshkent viloyatida 34,03 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 37,97 foizga bajarilganini aniqlangan.

Bu mavzuga oid asl haqiqatning tagiga yetish maqsadida Kun.uz o‘z surishtiruvini davom ettiradi.

Mavzuga oid