2021 yilda 15 ming km elektr uzatish tarmog‘i va 4 mingta transformator yangilanishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov ma'lum qilgandi.

“Joriy yilda respublika bo‘ylab 15 ming km past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish belgilangan. Hozirgi kunda ishlarning 60 foizi amalga oshirildi, yil oxirigacha 15 ming km liniya modernizatsiya qilinadi va yangidan quriladi. Bundan tashqari, 4 mingta yangi transformator o‘rnatilishi belgilangan.

Bu borada 10 yillik reja tuzib olingan va tegishli loyiha tasdiqlash uchun hukumatga kiritilgan. Faqat bu yil emas, har yili elektr tarmoqlari modernizatsiya qilinadi va yangidan quriladi. Bunda har yangi yil rejasi o‘tgan yilgidan kam bo‘lmagan hajmda bo‘ladi”, - degan Obidjonov sentabr oyida jurnalistlar bilan uchrashuvda.

U mahalliy ishlab chiqarilgan transformatorlardan foydalanilishini bildirgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov

Kun.uz “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari qanday ketayotganiga qiziqdi hamda bunga doir ma'lumotlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Keling, yuqoridagi ma'lumotlarni ikki qismga bo‘lgan holda tahlil qilsak. Quyidagi jadvalda elektr uzatish tarmoqlarini yangilash bo‘yicha bir yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarning 2021 yil 15 sentyabrgacha bajarilganligi holati kilometrlar va foizdagi nisbati ko‘rsatilgan. 

Unda ko‘rish mumkinki, elektr uzatish tarmog‘ini yangilash bo‘yicha yillik rejani juda past darajada bajargan hudud Toshkent shahri bo‘lib turibdi (rejaga nisbatan 29,82 foiz). Bu borada Toshkent viloyati (34,03 foiz) hududiy elektr tarmoqlari korxonasi natijasi ham poytaxtnikidan ko‘p farq qilmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi (37,97 foiz), Surxondaryo (38,34 foiz) va Sirdaryo (39,85 foiz) viloyatlarida ham raqamlar havas qilgudek emas.

Yana ikki viloyat - Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida ham yillik reja bajarilishi 50 foizga yetmagan. Raqamlardan xulosa qilib taxmin qilish mumkinki, mazkur viloyatlar va poytaxt elektr uzatish tarmoqlarini yangilash ishlari jadallashtirilmasa, o‘tgan yilgi qish mavsumida elektr ta'minoti tizimida ro‘y bergan muammolar bu yil ham takrorlanishi muqarrar bo‘lib qoladi.