Jahon | 12:54 / 05.10.2021
13711
4 daqiqa o‘qiladi

Nobel haftaligi: Tibbiyot bo‘yicha 2021 yilgi sovrindorlar e'lon qilindi

Foto: AP

4 oktyabrdan joriy yil uchun Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qilish haftaligi boshlandi. Uning doirasida Shvetsiya qirollik fanlar akademiyasi tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qildi. Ushbu yo‘nalishda nufuzli mukofot Kaliforniya universiteti professori Devid Julius (Devid Julius) va AQShdagi Skrips ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Ardem Pataputyanga topshirildi.    

Ikkala olim ham amerikalik bo‘lib, ular Nobel mukofotini organizmda harorat va tegishlarga javob beruvchi retseptorlarni ochgani uchun olishdi. Ya'ni olimlar odamning sezgilari asosida nima yotishi va ularning mexanizmini o‘rganib chiqishgan.

1990-yillarda Devid Julius chili qalampiri, yanada aniqrog‘i uning tarkibidagi kapsaitsin moddasi bilan tajribalar o‘tkazgan. Aynan ushbu modda chili qalampirini dazmol kuydirgandek kabi achchiq qiladi.

Olim natijada dastlab organizmda achchiqni sezishga imkon beruvchi genni, so‘ngra esa issiqqa, ya'ni haroratga javob beruvchi genni aniqlagan. Ushbu retseptor TRPV1 deb atalgan.

Ardem Pataputyan esa o‘z kashfiyotini 2010 yilda amalga oshirgan. U terida mexanik ta'sir, aniqrog‘i bosishga javob beruvchi retseptorlar — Piezo1 va Piezo2’ni aniqlagan. Ya'ni bu retseptorlar teriga tegilganda, misol uchun uni silaganda “ishga tushgan”. Keyinroq aniqlanishicha, ushbu retseptorlar odamga nafaqat sezish, balki o‘z tanasining fazodagi holatini sezish qobiliyatini ham beradi.

Keyinchalik ikkala olim birgalikda “sovituvchi” ta'sirga ega moddalar – yalpiz va mentol bilan tajribalar o‘tkazishgan va natijada sovuqni sezishga javob beruvchi TRPM8 retseptorini aniqlashgan.

Nobel qo‘mitasi bayonotida ta'kidlanishicha, sovrindorlar “inson sezgi organlari va atrof-muhit o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlikni tushunishda yetmayotgan muhim bo‘g‘inlarni aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan”.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, 1901 yildan 2020 yilgacha tibbiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini 222 olim olgan. Jumladan, 2020 yilda ushbu yo‘nalishda mukofot bilan amerikalik virusologlar Xarvi Olter, Charlz Rays va britaniyalik Maykl Xauton gepatit S virusini aniqlashgani uchun taqdirlanishgan.

Joriy haftada Nobel qo‘mitasi yana 4 yo‘nalish bo‘yicha sovrindorlarni e'lon qiladi. Jumladan, 5 oktyabrda fizika, 6 oktyabrda kimyo, 7 oktyabrda adabiyot, 11 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha Nobel sovrindorlari ma'lum qilinadi.  

8 oktyabrda esa Norvegiya poytaxti Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel sovrindori e'lon qilinadi. Unga 329 nomzod da'vogarlik qilmoqda.

2020 yilda Nobel mukofoti qiymati 9 mln shved kronasidan 10 mlngacha (986 ming yevro) oshirilgandi. Joriy yilda ham mukofotlarni topshirish marosimi pandemiya sababli Stokholmda emas, balki onlayn tarzda sovrindorlar yashovchi davlatlarda o‘tkaziladi. Shu bilan birga, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirish bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelinmagan va u an'anaviy ravishda Osloda topshirilishi ham mumkin. Bungacha Nobel mukofotlarini topshirish marosimi an'anaviy ravishda Stohkolm va Osloda mukofot ta'sischisi Alfred Nobel vafot etgan kun – 10 dekabrda o‘tkazib kelingan.

Mavzuga oid