O‘zbekiston | 20:39 / 06.10.2021
8715
4 daqiqa o‘qiladi

Cho‘lpon asos solgan 103 yillik jurnal qayta tiklandi

«O‘zbekiston matbuoti» ilmiy-marifiy jurnali 2017 yilda iqtisodiy qiyinchiliklar sabab o‘z faoliyatini to‘xtatgandi.

Foto: O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi

6 oktabr kuni Milliy matbuot markazida 103 yillik tarixga ega va 2021 yildan qayta nashr etila boshlagan «O‘zbekiston matbuoti» jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

 «O‘zbekiston matbuoti» jurnali 1918 yilda «Turkiston matbaachisi» nomi bilan nashr qilina boshlangan. Ma'rifatparvar adib Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon uning asoschilaridan biri hisoblanadi.

Jurnal iqtisodiy nochorligi sabab 2017 yili o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 2021 yil o‘zining 103 yilligida esa jurnal Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi va «AQUA TRIO» MJCh tashabbusi bilan qayta nashr etila boshladi.

Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov o‘zbek matbuoti «otaxon» nashrining qayta nashr etilishi ahamiyati haqida gapirdi.

Olimjon O‘sarov
Foto: O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi

«Bu jurnal milliy mediamakonimizda o‘z o‘rniga ega, jurnalist kadrlar tayyorlashda, malakasini oshirishda, sohadagi tadqiqotlarni yoritishda eng muhim manba bo‘lganini barchamiz yaxshi eslaymiz. Jurnalning har bir yangi soni jurnalistlar tomonidan intiqlik bilan kutilganini ham bejiz emas.

Jurnal sahifalarida, an'anaga muvofiq, har doim matbuot (gazeta-jurnallar), noshirlik ishi, teleradio va internet jurnalistikasi bilan bog‘liq materiallarga, tadqiqotlarga keng o‘rin beriladi. Jurnalistik faoliyat tahlil qilinadi. Publitsistik asarlarni, chuqur analitikaga asoslangan materiallarni berib boriladi», – dedi u.

Olimjon O‘sarovga ko‘ra, jurnal ilmiy-ma'rifiy nashr hisoblanadi. Shu boisdan Oliy Attestatsiya Komissiyasi ro‘yxatiga kiritilib, unga filologiya yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy jurnal vakolati berilgan.

Taqdimot davomida jurnalning jamoatchilik asosidagi bosh muharriri Nodira Abdullayeva ham so‘z oldi va nashrdan chiqqan jurnalning ilk soni hamda tahririyatning kelgusidagi rejalari haqida gapirdi.

Nodira Abdullayeva
Foto: O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi

«Jurnal faqat jurnalistika bilan cheklanib qolmaydi. O‘zbekiston matbuoti bu – faqat jurnalistika emas. Jurnalda jamiyat hayotidagi siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-huquqiy, ma'naviy-ma'rifiy, tarixiy-madaniy va boshqa barcha jarayonlar o‘z aksini topgan va bundan keyin ham ana shu tamoyil asosida faoliyat yuritamiz. 

Biz u orqali axborot ulashamiz, demak, muhim va jo‘yali xabarlar beriladi. Shuningdek, tahlil qilamiz, dolzarb mavzular tahliliga bag‘ishlangan analitik maqolalarga keng o‘rin beriladi. Munosabat ham bildiramiz, munosabatlarni o‘rganamiz, jamoatchilik bilan va hamkasblarimiz bilan o‘zaro muloqot qilamiz», – Nodira Abdullayeva.

Jurnal tahririyati jamoasiga ko‘ra, «O‘zbekiston Matbuoti» 1 oyda bir marotaba chop etiladi. Unda e'lon qilingan ilmiy-marifiy, tahliliy maqolalar mualliflariga esa tahririyat imkoniyatidan kelib chiqib, gonorar ham to‘lanishi mumkin.

 Tadbirda yoshi ulug‘ jurnalistlar va tadbir mehmonlari «O‘zbekiston matbuoti» jurnali nafaqat jurnalistlar, balki barcha soha vakillari, ziyolilar va jamoatchilik uchun munosib minbar bo‘lishiga tilak bildirishdi. 

Mavzuga oid