O‘zbekiston | 12:14 / 13.10.2021
1306
4 daqiqa o‘qiladi

Cho‘l hududlardagi 20 ming gektar yaylov yoshlarga taqsimlanadi - Prezident

Navoiyda viloyatida mahalliy sanoat loyihalari uchun 13 ta yangi sanoat hududi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Endi Navoiyda har yili Xalqaro sanoat va kooperatsiya forumi o‘tkaziladi. Mahalliy sanoat loyihalari uchun viloyatda 13 ta yangi sanoat hududi tashkil etiladi. Mahalliylashtirish loyihalari uchun kredit foizlarining 10 foizgacha qismi qoplab beriladi.

Qurilish materiallari sanoatida 577 million dollar investitsiyalar hisobiga 235 ta loyiha amalga oshiriladi va 15 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. G‘ozg‘on shahrida 2 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida 14 ta korxona ishga tushirilib, 1 mingta ish o‘rni yaratildi. Endilikda ushbu klaster kengaytirilib, 20 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi va mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshadi. Ayrim tadbirkorlar Xitoydan tosh olib keladi, o‘zimizning G‘ozg‘on toshlaridan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni bilmaydi. Uyam tosh! Nima, bizning toshimizning hidi bormi?!

Bu loyihalarni elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida, elektr tarmog‘i tortiladi va podstansiyalar quriladi. Bunga budjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Pardozbop toshlar eksportidagi transport xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish joriy etiladi. Shuningdek, Karmanada 80 ming tonna bazalt xomashyosidan tola va armatura ishlab chiqarish bo‘yicha, 50 million dollarlik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali, qurilish materiallari sanoatida yiliga 180 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi. 

To‘qimachilik sanoatida kelgusi besh yilda 290 million dollar bo‘lgan 120 ta yirik loyiha ishga tushirilib, 27 mingta ish o‘rinlari tashkil etiladi. Qiziltepa, Navbahor va Xatirchida 55 million dollarlik to‘qimachilik korxonalari ishga tushirilib, mato va tayyor kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqariladi. Natijada, gazlama mato ishlab chiqarish 10 barobarga, trikotaj mato – 3 barobarga va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari – 2 barobarga oshiriladi.

Shuningdek, viloyatda 30 ming tonnadan kam bo‘lmagan hajmda sun'iy tola ishlab chiqarish uchun, tadbirkorlarga tayyor biznes-reja va moliyaviy resurslar taqdim etiladi. Amalga oshirilgan islohotlar hisobiga to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,2 barobarga ko‘payib, 560 million dollarga yetkaziladi.

Elektrotexnika sanoatida 192 million dollar bo‘lgan 19 ta loyiha amalga oshiriladi va 1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi. Bu yo‘nalishda ishlab chiqarish hajmlari 5 barobarga ko‘payib, 450 million dollarlik elektrotexnika mahsulotlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 

Charm-poyabzal sanoatida 110 million dollarlik 68 ta loyihalar doirasida 13 mingta yangi ish tashkil etiladi. Natijada, poyabzal ishlab chiqarish quvvatlari 3 barobarga, charm-attorlik mahsulotlari va charmdan kiyim ishlab chiqarish 2 barobarga oshiriladi. Charm-poyabzal sanoati uchun xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida cho‘l hududlardagi 20 ming gektar yaylov yoshlarga taqsimlanadi va zarur suv quduqlari qazib beriladi. Shuningdek, yoshlarga qorako‘l qo‘ylari yetkazib beriladi hamda undan olinadigan teri va junni sotib olish, qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid