O‘zbekiston | 11:27 / 13.10.2021
410
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahrida drama teatri quriladi

Navoiy shahrida zamonaviy talablarga javob beradigan drama teatri barpo etiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida aytib o‘tdi. 

“Xabaringiz bor, hozirgi vaqtda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga katta e'tibor qaratyapmiz. Shu ma'noda, ulug‘ avliyo, mavlono Orif Deggaroniy nomi bilan ataladigan me'moriy majmuani restavratsiya qilish hamda uni sayyohlik marshrutiga kiritish muhim vazifamizdir.

Shuningdek, Karmana tarixini har tomonlama chuqur o‘rganish, bu shaharning yoshini aniqlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish zarur. Navoiy viloyatida azaldan sangtaroshlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik, kulolchilik va boshqa ko‘plab amaliy san'at turlari keng rivojlangan. Ayniqsa, Nurota kashtachilik maktabi betakror an'analari bilan shuhrat qozongan. Shuni e'tiborga olib, Nurota shahrida “Kashtachilik markazi”ni tashkil etsak nima deysizlar ? 

Hammamiz yaxshi bilamiz, viloyatda haligacha bironta teatr mavjud emas. Shu bois, Navoiy shahrining ko‘rkam massivlaridan birida zamonaviy talablarga javob beradigan drama teatrini barpo etsak, o‘ylaymanki, viloyat ahlining ko‘nglidagi ish bo‘ladi.

Sarmishsoydagi ikki ming yillik tarixga ega nodir qoyatosh suratlari YuNeSKO tomonidan insoniyat nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgani sizlarga yaxshi ma'lum. Yaqinda To‘dako‘l suv havzasi dunyoning 170 dan ortiq davlati a'zo bo‘lgan Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritildi. Umumiy maydoni qariyb 32 ming gektarni tashkil etadigan ushbu ko‘l va uning bebaho sohillari butun dunyodan qushlar uchun muhim to‘xtab o‘tish joyi hisoblanadi. Shuning uchun viloyatda ayniqsa To‘dako‘l hududida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur tuzib, uni amalga oshiramiz”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid