O‘zbekiston | 11:43 / 13.10.2021
5147
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida Politexnika universiteti tashkil etiladi 

Navoiy viloyatini muhandis mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha respublika markaziga aylantirish dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida aytib o‘tdi.

“Navoiydagi sanoat tarmoqlari ehtiyojini qondirish uchun kasbga o‘rgatish tizimini zamon talablariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqishimiz kerak.

Kelgusi besh yilda Navoiy viloyatida 12 ming oliy, ishchi kasblar bo‘yicha 40 ming o‘rta ma'lumotli mutaxassislarga talab bo‘ladi. Shu sababli, Navoiy viloyatini muhandis mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha respublika markaziga aylantirish dasturini amalga oshiramiz. 

Buning uchun Navoiy konchilik instituti negizida qariyb 15 ming talabani o‘qitadigan Politexnika universiteti tashkil etiladi. Ushbu oliygohda nufuzli xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar, zamonaviy laboratoriyalar, jahonning yetakchi olimlari ishtirokida amaliy-innovatsiya markazlari faoliyat olib boradi.

Shuningdek, Navoiy davlat pedagogika instituti quvvatlari qo‘shimcha 6 ming o‘ringa kengaytiriladi. Natijada, viloyatda 20 ta yangi yo‘nalishlar ochilib, oliy ta'lim bilan qamrov darajasi 37 foizdan 60 foizga yetadi.

Aholini kasb-hunarga o‘qitishning ham mutlaqo yangi tizimi tashkil etiladi. Bunda, viloyatdagi 60 ta kasb-hunar maktabi va markazlari, monomarkaz o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlaydigan Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyazot”ga biriktiriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid