O‘zbekiston | 19:02 / 19.10.2021
38939
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahriga yangi imom-xatib tayinlandi

Rahmatulloh Sayfuddinov Toshkent shahrining yangi bosh imom-xatibi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Rahmatulloh qori Sayfuddinov marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdlaridan biri hisoblanadi, 2011 yilda «Yil imomi» ko‘rik tanlovi Respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan.

Rahmatulloh Sayfuddinov faoliyati davomida Toshkent shahridagi «Xo‘ja Alambardor», «Minor» jome masjidi (2014-2015 yillar) imom-xatibi lavozimlarida ishlagan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida dars bergan, 2016 yildan shu vaqtga qadar Toshkent shahri Yunusobod tumani bosh imom-xatibi va «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edi.

Bundan oldinroq, 2019 yildan buyon Toshkent shahri bosh imom-xatibi bo‘lgan Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylangani xabar qilingandi.