Iqtisodiyot | 09:41 / 22.10.2021
21727
3 daqiqa o‘qiladi

«Banklarda islom darchasini ochish ustida ishlayapmiz» - Markaziy bank raisi

Islom moliyasiga oid qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tgan, deb ma'lum qildi Mamarizo Nurmuratov. Avvaliga mikromoliya tashkilotlariga, so‘ng tijorat banklariga islom moliyasi bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish huquqi berilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

21 oktyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov bugungi kunda 14ta bankda islom darchasini yo‘lga qo‘yish ustida ishlar boshlangani va bunda islom tamoyillari asosida kredit berish ishlari amalga oshirilishi haqida gapirdi.

“14ta bankda islom darchalarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlar ketmoqda. Biz oldin juda oddiy o‘ylar ekanmiz. Islom davlatlari banklarida o‘zining ma'lum jihatlari bor ekan. Ya'ni men sizga islom tamoyillari asosida kredit berishim uchun men sizga beradigan resursni ham islom tamoyillari asosida jalb qilishim kerak bo‘ladi. Ya'ni men foizga depozit jalb qilib sizga islom tamoyili asosida kredit bersam, siz olmasligingiz mumkin. Chunki depozit jalb qilish islom tamoyiliga javob bermaydi. Bu borada biz, eng avvalo, islom moliyasi bo‘yicha savodxonlikni oshirish borasida ma'lum ishlarni amalga oshirishimiz kerak”, — dedi Markaziy bank raisi.

Uning ta'kidlashicha, islom moliyasiga oid qonun loyihasi qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tgan.

“Ushbu qonun loyihasida islom moliyasi bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun mikromoliya tashkilotlariga ruxsat berganmiz. Bu borada tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqilish jarayonida. Asosiysi, shu vaqtgacha e'tibor bermagandim, islom moliyasi rivojlanishi uchun fatvo beradigan musulmonlar idorasi ham kerak ekan. Ya'ni Malayziya va Indoneziyadagi musulmon idoralari shunaqa fatvoga ega ekan. Ya'ni bu juda murakkab va nozik jarayon. Bu nozik tomonlariga e'tibor bermay, mana, islom banki bo‘ldi degan bilan ko‘zlagan natijaga erisha olmaymiz. Bosqichma-bosqich bu ishlarni amalga oshirib, mikrokredit tashkilotlardan keyin tijorat banklarida islom moliyasi darchasini ochish lozim”, — dedi Mamarizo Nurmurotov.

Avvalroq, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov O‘zbekistonda islom moliyasi rivojlanmaganining sababi sifatida islom moliyasi tizimining “murakkabligi”, aholining banklarga ishonchi va moliyaviy savodxonlik darajasi pastligi bilan izohlagandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1–4 sentyabr kunlari Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Islom taraqqiyot banki (ITB) boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid