Jahon | 18:01 / 24.10.2021
11374
3 daqiqa o‘qiladi

Bobojonov qamoqxonalardagi saylovlar bo‘yicha ma'lumot berdi

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

24 oktabr kuni prezident saylovi uchun ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida kun davomida saylov jarayonlari bilan bog‘liq masalalarda brifinglar o‘tkazildi.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ishtirokidagi brifingda saylovchilar ro‘yxatiga aniqlik kiritishda olib borilgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

Foto: IIV JIED axborot xizmati

Unga ko‘ra, hududlarda o‘tkazilgan saylov tadbirlarida vafot etgan, ma'lumotlar bazasiga kiritilmagan fuqarolar aniqlangan va saylovchilar ro‘yxati shakllantirilgan. Ko‘chmas mulk obektlarining kadastr ma'lumotlari va ichki ishlar vazirligi ma'lumotlar bazasi orqali tekshirib chiqilgan.

Vazir bu yilgi prezident saylovida katta yangilik bo‘lgan - qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlik uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ovoz berish huquqiga ega bo‘lgani haqida gapirdi.

«Bugun ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 8677 nafar mahkumlar saylash huquqidan foydalanib ovoz berishyapti. Ularning 533 nafari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 1305 nafari uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan mahkumlar bo‘lsa, 6819 nafari tergov hibsxonalarida saqlanayotgan – sud-tergov jarayoni ketayotgani sabab qamoqqa olingan fuqarolardir. Soat 11:00 holatiga ko‘ra, qamoqda saqlash joylarida ro‘yxatga olingan shaxslarning 6507 nafari yoki 75 foizi ovoz berib bo‘lishgan», dedi Bobojonov.

Foto: IIV JIED axborot xizmati
Foto: IIV JIED axborot xizmati
  • Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan mavhumlar – qasddan jinoyat sodir etib, 3 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir qilib 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlardir.
  • Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan mahkumlar – qasddan jinoyat sodir etib, 3 yildan ortiq yoki ehtiyotsizlik oqibatida 5 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlardir.

Mahkumlar ovoz berishi uchun tergov hibsxonalarida – 12 ta, jazoni ijro etish koloniyalarida – 4 ta va manzil-koloniyalarida – 2 ta, jami 18 ta saylov uchastkalari tashkil etildi. 7454 nafar mahkum jazoni ijro etish tizimining o‘zida tashkil etilgan saylov uchastkalarida, 1223 nafari esa hududiy saylov uchastkalariga transport vositalari orqali ichki ishlar xodimlari qo‘riqlovi ostida olib boriladi.

Foto: IIV JIED axborot xizmati
Foto: IIV JIED axborot xizmati
Foto: Markaziy saylov komissiyasi
Foto: Markaziy saylov komissiyasi
Foto: Markaziy saylov komissiyasi
Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Mavzuga oid