Jamiyat | 12:30 / 31.10.2021
22029
6 daqiqa o‘qiladi

Ruh salomatligi. Jamiyatda jiddiy e'tibor qilinmaydigan muammo haqida suhbat

“Ruhiy salomatlik” tushunchasi omma orasiga sekin-asta kirib boryapti, chunki ruhiy muammolar bizni tobora ko‘proq bezovta qilyapti: tushkunlik, stress, xavotir. Vaqtida mutaxassisga murojaat qilish esa bizda odatga kirmagan – muammolardan o‘zimizni qayerga qo‘yishni bilmay qolgan chog‘imizdagina bu esimizga tushadi yoki... tushmaydi. Aslida esa salomatlikka putur yetmasdan turib salomatlikni saqlash kerak. Bu jismoniy salomatlikka ham, ruhiy salomatlikka ham tegishli.

"Ruhiy salomatlik" loyihasi asoschisi, tibbiyot fanlari doktori Gavhar Teshaboyeva shu boradagi savollarga javob berdi.

“Ruh salomat bo‘lgandagina inson o‘zini to‘laqonli salomat his qilishi va to‘laqonli ijtimoiy faol bo‘lishi mumkin. Demak, salomatlik deganda faqat jismoniy emas, ruhiy tomondan ham o‘zimizni yaxshi his qilishimiz kerak. Shundagina o‘z faoliyatimizni yaxshi olib borishimiz, "men"imizni bir maromda saqlab turishimiz, xulq-atvorimizni atrofda bo‘layotgan voqealarga qaramasdan yaxshi tutishimiz mumkin bo‘ladi.

“Inson ruhi nima” deganda biz musulmonlar Qur'oni karimda kelgan "Ruh Robbimning ishidir. U haqida sizlarga judayam oz bilim berilgandir" degan ma'no bilan cheklanamiz. Biroq ruhiyat –  o‘rganish manbasi.

Bu mavzuda G‘arb va Sharq olimlarining fikrlari biroz bir-biridan farqlanadi. Ya'ni biz bugungi kungacha o‘rganib kelgan psixologiya, psixoterapiya fanlarida ruhiy salomatlikni o‘rganuvchi fanlarda ko‘proq inson intellekti, aqli, xotirasi va hokazolarga qarab inson ta'riflangan. 1970 yildan boshlab musulmon mutaxassislari urinishi bilan insonning ruhiy holati deganda uning qalbi, qalbining Alloh taolo bilan bog‘lanishi, ya'ni tavhid haqida ham so‘z ochiladigan bo‘ldi. Insonni asl fitratiga qaytarish bugungi kundagi islomiy psixologiyaning asosiy o‘rganish mavzusi va amaliyoti.

Ahamiyat beradigan bo‘lsak, G‘arb tafakkuri mahsuli bo‘lmish shaxsni rivojlantirish kurslari liderlik yoki insonning moddiy jihatini yuksaltiradigan tomonlarini “ko‘radi”. Hozir shaxsni rivojlantirish deganda aynan shularni tushunyapmiz. Bu yerda moddiyat ko‘proq. Afsuski, oxirgi paytlarda sohada inson ruhiyatining ma'naviyatiga doir atamalar qo‘llanmay qolgan. Yangi yo‘nalishga ehtiyoj tug‘ildi. Musulmonlar uchun alohida, islom prinsiplariga, islom an'analariga asoslangan ruhiy salomatlik tushunchasi dolzarb bo‘lib qoldi.

Insonning ruhiy muammolarini hal qilishda, shaxsini rivojlantirishda bugungi kunda musulmon psixolog olimlari sohaga nafs tushunchasini ham kiritishgan. Ruhiy muammolar inson o‘z nafsi bilan kurashsagina yechim topadi, degan haqiqatni ilmiylashtirishimiz kerak.

Tibbiyot fanlari doktori Gavhar Teshaboyeva

Inson o‘zining nafsini darajalarga ko‘tarsagina, rivojlantirsagina u haqiqiy kamolotga erishishi mumkinligi haqida ko‘pgina ilmiy maqolalar yozildi. Payg‘ambarimiz s.a.v.ning komil shaxs bo‘lganliklari, u kishida nafsning eng yuqori darajasi – "Nafsi marziya – komil nafs"ning bo‘lgani biz uchun “ilmiy material”dir.

G‘arbda psixogigiyena nomi bilan ruhiy salomatlikni saqlash bo‘yicha bir qancha tavsiyalar beriladi. Mutaxassis sifatida shuni aytishim kerakki, islom prinsiplariga asoslangan psixoterapiyani qo‘llaganimizda biz maqsadga oson yetamiz. Chunki bizda maqsad insonni fitratiga qaytarish bo‘ladi. Har bir inson tug‘ilganda toza fitrati bilan tug‘ilishini, uning fitratida tavhid borligini bilamiz.

Masalan, oldimizga o‘smir bolani olib kelishadi, unda agressiya bor. Uydagilariga, ota-onaga nisbatan, oila a'zolariga nisbatan agressiya bor. Agar biz unga G‘arb psixologiyasi tomonidan yondashadigan bo‘lsak, omillarni tashqaridan qidiramiz, ya'ni oila a'zolarini aybdor qilamiz, ota-onasi bolaga noto‘g‘ri muomala qilyapti, deymiz. Mana shu yerda islomga asoslangan psixologiya yordamga kelsa, bola nega agressiyaga tushyapti, nega g‘azablanyapti, ruhiy holatida, ruhiy tarbiyasida qanday kamchiliklar bor, kibr, hasad yoki manmanlik bormi, degan savollarga javob izlanadi. Buni aniqlash islomiy mutaxassislarning vazifasi hisoblanadi.

Demak, islom prinsiplariga asoslangan psixologiyada insonning ichki omillari uning qalbining holati, nafsining holati kabi muammolarga ahamiyat beriladi. Bugun biz farzandlarimizni tarbiya qilishda G‘arbga taqlid qilib qo‘ymoqdamiz, lekin asoratlariga ota-onalar chiday olishmayapti. Demak, bu yerda faqat G‘arbda qo‘llanadigan texnika va metodikalar bizga yordam bermaydi, musulmon bo‘lganimiz uchun ham qalbning holatini, nafsning holatini esdan chiqarmasdan yondashsak, bolaga o‘zi uchun, oilasi uchun, shaxsini rivojlantirish uchun foydali kerakli maslahatlar bergan bo‘lamiz, kerakli metodikalar qo‘llagan bo‘lamiz. Buning uchun ruhiy tarbiya mutaxassislari, tazkiya bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar, islom prinsiplariga asoslangan psixoterapevtlar yordamga keladi”.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Tasvirchilar Sherzod Egamberdiyev,
Mahmud Soliyev.

Mavzuga oid