«Amerikaning Afg‘onistondagi kerakli do‘sti» – WSJ O‘zbekiston haqida
AQShning Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash borasidagi harakatlarida O‘zbekiston asosiy hamkor davlat sifatida ko‘rilmoqda. Bu Pokistonning «Tolibon»ga juda yaqinligi, Eronning dushmanligi, Turkmaniston va Tojikiston esa juda zaifligi bilan izohlangan.
The Wall Street Journal nashrining «Amerikaning Afg‘onistondagi kerakli do‘sti» sarlavhali maqolasida AQSh Afg‘onistondan chiqib ketgandan keyin mintaqada ta'sirini saqlab qolish uchun yordamga muhtojligi, ayni paytda Markaziy Osiyoning eng muhim davlati bo‘lgan O‘zbekiston «Tolibon»ga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirgani, bu esa ishonchli hamkorlar yetishmayotgan vaziyatni hisobga olgan holda Toshkentni Vashingtonga yordam berishi nuqtayi nazaridan o‘ziga xos mavqega chiqargani haqida yoziladi.
Maqolada O‘zbekiston Qo‘shma Shtatlarning Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarda muhim rol o‘ynashga qodirligi qayd etilib, Bayden ma'muriyati ikkinchi muddatga saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev bilan hamkorlikni kuchaytirish yo‘llarini topishi kerakligi aytilgan.
«Tolibon» muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Abdul Salom Hanafiy (etnik o‘zbek) 16 oktabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurib, bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan savdo, chegara xavfsizligi va gumanitar yordam masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. 7 oktabr kuni esa O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Kobulda «Tolibon» hukumatida tashqi ishlar vaziri v.b. bo‘lgan Amir Xon Muttaqiy bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvdan so‘ng Abdulaziz Komilov «Tolibon»ning ikki rasmiysi bilan birga turib (Muttaqiy va Hanafiy), afg‘on birodarlaridan O‘zbekistonga hech qanday tahdid va xavf tug‘dirilmasligiga qat'iy va aniq kafolat olganini aytdi.
O‘zbekiston singari dunyoviy davlatning «Tolibon» rejimi bilan bu kabi diplomatiya olib borishini ko‘rish hayratlanarli tuyilishi mumkin. «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelgan ilk davrda (1996-2001) O‘zbekistondagi radikal kuchlar Afg‘onistonda siyosiy boshpana topgan.
O‘tgan yigirma yil ichida Amudaryoning ikki qirg‘og‘idagi ikki davlat chegarasida ko‘p narsa o‘zgardi. Ehtimol, eng muhim jihati shundaki, «Tolibon» yaqin kelajakda Afg‘onistonni boshqarishi inobatga olinmoqda.
Bu esa Toshkentning yangi afg‘on rejimiga nisbatan ehtiyotkor pragmatik siyosatini shakllantirdi. Janob Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan ikki yil o‘tib, «Tolibon» harakati bilan faol aloqa boshladi va bu borada Markaziy Osiyodagi birinchi yetakchi davlat bo‘ldi.
Avgust oyida, «Tolibon» hokimiyatga qaytganidan so‘ng, janob Mirziyoyev O‘zbekiston hukumati «Tolibon» bilan har kuni aloqada ekanini va «O‘zbekiston tomonida «o‘q uzilmasligi uchun» har qanday muloqotga tayyorligi»ni aytdi.
Pokiston va Qatardan keyin O‘zbekiston «Tolibon»ning muvaqqat hukumati bilan hamkorlik o‘rnatishda eng faol davlat bo‘ldi. 17 sentabr kuni Mirziyoyev xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonda gumanitar falokat yuzaga kelishining oldini olish uchun mamlakatning xorijiy banklardagi muzlatib qo‘yilgan aktivlarini qaytarishga chaqirdi. Taxminan o‘sha paytlarda O‘zbekiston Energetika vazirligi Afg‘onistonni elektr energiya bilan ta'minlashda davom etishini e'lon qildi, garchi «Tolibon» hukumati tomonidan har oyda 25 million dollar miqdoridagi to‘lovlar qilinmayotgan bo‘lsa-da. Shuningdek, sentabr oyida o‘zbekistonliklar gumanitar yordam tariqasida Afg‘onistonga poyezd orqali 1300 tonna oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak jo‘natdi.
O‘zbekiston uchun Afg‘oniston hududidan tarqalishi mumkin bo‘lgan beqarorlik va vayronagarchiliklardan o‘zini himoya qilishning eng yaxshi yo‘li janubi-sharqiy qo‘shnisida vaziyat yomonlashib ketmasligini ta'minlashdir. Toshkent strategiyasi «Tolibon»ni O‘zbekistonga (va boshqa xalqlarga) qaram qilish nafaqat vaziyatning yomonlashishining oldini olishga yordam beradi, balki «Tolibon» rejimining kelajakdagi xatti-harakatlarini ham shakllantirishi mumkin degan g‘oyaga asoslanadi.
Afg‘oniston bilan chegaradosh Markaziy Osiyoning uch davlati ichida O‘zbekiston eng kuchli iqtisodiyotga ega. Shuningdek, u mintaqada Markaziy Osiyoning qolgan to‘rt davlati va Afg‘oniston bilan chegaradosh yagona mamlakatdir. O‘tmishdagi radikal kuchlar faoliyati saboqlari va diniy konservatizmning tobora ommalashib borayotgani O‘zbekistonni «Tolibon» g‘oyalarining tarqalishini zaiflashtirishga undaydi. Shu sabablarga ko‘ra, Toshkent uzoq vaqtdan beri mintaqaviy integratsiya masalasini ilgari suruvchi yetakchi mamlakat bo‘lib kelgan. Mirziyoyev davrida mamlakat Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari uchun vizasiz rejim ham joriy etdi.
O‘zbekistonning pozitsiyasi AQShning tashqi siyosat strategiyasiga juda mos keladi. Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonning aktivlarini muzlatib qo‘ygan bo‘lsa-da, Toshkentning hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Vashington G‘arbning insonparvarlik yordami afg‘on xalqiga yetkazilishini «Tolibon» ishtirokisiz ta'minlash uchun ham Toshkentdan bilvosita kanal sifatida foydalanishi mumkin. Shunday sharoitda AQSh «Tolibon» bilan bevosita eng muhim xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanishi shart bo‘lmay qoladi.
O‘zbekistonning «Tolibon»ni jilovlash borasidagi harakatlari muvaffaqiyat qozonishiga kafolat yo‘q. Ammo Vashingtonning Afg‘oniston bo‘yicha ishonchli hamkorlari juda kam. Pokiston «Tolibon» bilan murosaga kelgan, Eron raqib mamlakat, Turkmaniston va Tojikiston esa juda zaif. AQShning Markaziy Osiyo bilan mustahkam aloqalari Xitoyga qarshi kurashda ham yordam beradi.
O‘zbekiston mintaqadagi yagona istiqbolli ittifoqchi bo‘lmasa-da, «Tolibon»ning hokimiyat tepasiga kelishidan kelib chiqqan noaniqlikni bartaraf etish uchun Amerikaning gumanitar, diplomatik va xavfsizlik borasidagi sa'y-harakatlarini kuchaytirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan eng maqbul hamkor mamlakat».
Mavzuga oid
17:22 / 19.11.2024
«Markaziy Osiyo – Xitoy» quvuri orqali 14 yilda yetkazilgan tabiiy gaz miqdori ma’lum qilindi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
17:25 / 15.11.2024
2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin
17:42 / 14.11.2024