O‘zbekiston | 14:52 / 08.11.2021
13761
6 daqiqa o‘qiladi

Telegram'ga biz kerakmizmi yo bizga Telegram kerakmi?

Telegram va ijtimoiy tarmoqlarni bloklaganlar, bloklashga buyruq berganlar, bloklash haqida qonun chiqarganlar millionlab o‘zbekistonliklarda boshqa alternativa yo‘qligini o‘ylab ko‘rmaganmi?

Foto: Kun.uz

Telegram'ning O‘zbekiston hududida taxminan bir soatgagina cheklanishi ham qator sohalarda falajlik keltirib chiqaradi. Misolga hojat yo‘q – bugungi kunda O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari orasida Telegram ishlatmaydigan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Axborot almashinuvida bu tarmoqning o‘rni shu qadar ortib ketganki, aksariyatimiz smartfonimizni qo‘limizga olishimiz bilan darhol Telegram ilovasini bosamiz va kelgan xabarlarga ko‘z yugurtiramiz.

Bu tarmoqda minglab guruhlar, kanallar ishlab turibdi. Prezidentdan tortib, barcha markaziy davlat organlari, ommaviy axborot vositalari va kompaniyalarning kanallari bor. Minglab guruhlar esa hamkasblar, do‘stlar, qarindoshlar va boshqa doiralar o‘rtasidagi muloqot ehtiyojini qondiryapti.

Eng qiziq jihat – Telegram orqali muloqot shu qadar kuchayganki, ko‘pchiligimiz telefon orqali qo‘ng‘iroq qilmay qo‘ydik yoki Telegram ishlab turganda kimdir qo‘ng‘iroq qilsa, xushlamay javob beradigan darajaga yetdik. Chunki buning real sabablari bor – Telegram'da xabarni istagan paytda o‘qish va javob berish mumkin, xabarlarni qayta ko‘rib chiqish, tahlil qilish imkoniyati bor. Ovozli xabarlar qayta-qayta eshitiladi. Ya'ni amalda har qanday suhbat qayd etib borilishi mumkin. Videomuloqot esa uzoqdagi suhbatdosh bilan bevosita ko‘rib gaplashishdek katta ustunlik beradi.

Hozir o‘zbekistonliklar qachondir Whatsapp ishlatganini kam eslaydi, holbuki bu ilova bir vaqtlar juda mashhur edi va hozir ham dunyodagi yetakchilardan biri, foydalanuvchilar soni bo‘yicha Telegram'dan oldinda. Lekin Pavel Durov yaratgan platforma soddaligi, yangilikka muntazam intilishi va qator qulayliklari bilan mamlakatimiz foydalanuvchilariga ma'qul keldi. Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda Telegram foydalanuvchilari shiddat bilan ko‘payib bormoqda.

Shunday vaziyatda millionlab insonlarni messenjerdan mahrum qilishga qaror qilgan mas'ullar buning o‘rniga boshqa alternativa yo‘qligini hisobga olishmaganmi?

Hisobga olishmaganidan kelib chiqib, qaror qabul qilganlar Telegram ishlatmaydigan va shu sababli ham uning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini tushunmaydigan eski avlod vakillari degan xulosaga kelish mumkin.

Endi sarlavhadagi savolga kelsak – bugungi kunda Telegram ilovasini ko‘chirib olishlar soni 1 milliarddan o‘tgan, faol foydalanuvchilari soni esa 550 mlndan oshgan. O‘zbekistonda Telegram ilovasini o‘rnatganlar turli manbalarga ko‘ra 18 milliondan oshgan. Faol foydalanuvchilar balki 10-12 mln chiqar. Afsuski, Telegram ma'murlari foydalanuvchilarning aniq soni bo‘yicha ma'lumot berilmasligini bildirishdi. Demak, raqam jihatdan qaraganda ham O‘zbekistondagi foydalanuvchilar Telegram'ning nari borsa 2-3 foizlik auditoriyasi hajmini tashkil etadi.

Gap faqat Telegram'da ham emas. Axborot asrining shiddatli yillarida ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi yoki cheklanishi har qanday mamlakat taraqqiyotini tosh asriga sudraydi. Kuni kecha bir qarashda qonun yo‘li bilan amalga oshirilgan bir soatlik cheklov ham ko‘pchilikni xuddi suvdan olingan baliq holiga tushirdi. Biz borini cheklashni, bo‘g‘ishni emas, yo‘g‘ini yaratishni o‘ylasakkina taraqqiyotga intilgan bo‘lamiz.

Qizig‘i, cheklovlar amalda ish bermadi: Telegram vakilining bildirishicha, 3 noyabr kungi holatda uzog‘i 1,5 soat ichida O‘zbekistondagi to‘siqlar bartaraf etilgan va platforma oldingidek ishlay boshlagan.

Bu kabi cheklovlar Rossiya va Eronda ham kuzatilgan, har ikkisi ham muvaffaqiyatsiz bo‘lgan. Telegram asoschisi Pavel Durovning vatanida “Roskomnadzor” tomonidan 2018 yil 16 aprelda kiritilgan cheklov 2020 yil 18 iyunga kelibgina rasman bekor qilingan.

O‘shanda Rossiya FXX (FSB) Sankt-Peterburgdagi terroristik xurujlarga aloqadorlikda gumonlangan 6 kishining Telegram'dagi yozishmalarini ochish kalitlarini so‘ragan, messenjer ma'muriyati esa buning texnik jihatdan imkoni yo‘qligini bildirgan.

Pavel Durov FXXni qiziqtirayotgan telefon raqamlar yo Telegram'dagi birorta akkauntga hech qachon bog‘liq bo‘lmagani, yoki uzoq vaqt ishlatilmagani uchun o‘chib ketgani, “nuqta-nuqta” yo‘sinidagi yashirin chatlar uchun kalitlar faqat foydalanuvchining qurilmasidagina saqlanishi, ular biror soniyaga ham Telegram serverlariga kelib tushmasligi kabi omillarni ko‘rsatgan.

Yakunda sud FSB da'vosini qondiradi va Telegram 800 ming rubl jarimaga tortilish bilan birga Rossiyadagi faoliyati ham cheklanadi.

Bu yerda bir jihatga e'tibor berish lozim – kibererkinlik bo‘yicha yutuqlari bilan maqtana olmaydigan Rossiyada ham Telegram'ni cheklash nomiga bo‘lsa-da sud qarori bilan amalga oshirilgan edi.

Rossiyadagi holatning aql bovar qilmas jihati – 2 yillik cheklov davomida bu davlatdagi Telegram foydalanuvchilari soni 2 karra oshsa oshdiki, kamaymadi. “Cheklov ish bermadi”, deya ta'kidlagandi Durov.

Abror Zohidov

Mavzuga oid