Telegram'ning O‘zbekiston hududida taxminan bir soatgagina cheklanishi ham qator sohalarda falajlik keltirib chiqaradi. Misolga hojat yo‘q – bugungi kunda O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari orasida Telegram ishlatmaydigan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Axborot almashinuvida bu tarmoqning o‘rni shu qadar ortib ketganki, aksariyatimiz smartfonimizni qo‘limizga olishimiz bilan darhol Telegram ilovasini bosamiz va kelgan xabarlarga ko‘z yugurtiramiz.

Bu tarmoqda minglab guruhlar, kanallar ishlab turibdi. Prezidentdan tortib, barcha markaziy davlat organlari, ommaviy axborot vositalari va kompaniyalarning kanallari bor. Minglab guruhlar esa hamkasblar, do‘stlar, qarindoshlar va boshqa doiralar o‘rtasidagi muloqot ehtiyojini qondiryapti.

Eng qiziq jihat – Telegram orqali muloqot shu qadar kuchayganki, ko‘pchiligimiz telefon orqali qo‘ng‘iroq qilmay qo‘ydik yoki Telegram ishlab turganda kimdir qo‘ng‘iroq qilsa, xushlamay javob beradigan darajaga yetdik. Chunki buning real sabablari bor – Telegram'da xabarni istagan paytda o‘qish va javob berish mumkin, xabarlarni qayta ko‘rib chiqish, tahlil qilish imkoniyati bor. Ovozli xabarlar qayta-qayta eshitiladi. Ya'ni amalda har qanday suhbat qayd etib borilishi mumkin. Videomuloqot esa uzoqdagi suhbatdosh bilan bevosita ko‘rib gaplashishdek katta ustunlik beradi.

Hozir o‘zbekistonliklar qachondir Whatsapp ishlatganini kam eslaydi, holbuki bu ilova bir vaqtlar juda mashhur edi va hozir ham dunyodagi yetakchilardan biri, foydalanuvchilar soni bo‘yicha Telegram'dan oldinda. Lekin Pavel Durov yaratgan platforma soddaligi, yangilikka muntazam intilishi va qator qulayliklari bilan mamlakatimiz foydalanuvchilariga ma'qul keldi. Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda Telegram foydalanuvchilari shiddat bilan ko‘payib bormoqda.

Shunday vaziyatda millionlab insonlarni messenjerdan mahrum qilishga qaror qilgan mas'ullar buning o‘rniga boshqa alternativa yo‘qligini hisobga olishmaganmi?

Hisobga olishmaganidan kelib chiqib, qaror qabul qilganlar Telegram ishlatmaydigan va shu sababli ham uning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini tushunmaydigan eski avlod vakillari degan xulosaga kelish mumkin.

Endi sarlavhadagi savolga kelsak – bugungi kunda Telegram ilovasini ko‘chirib olishlar soni 1 milliarddan o‘tgan, faol foydalanuvchilari soni esa 550 mlndan oshgan. O‘zbekistonda Telegram ilovasini o‘rnatganlar turli manbalarga ko‘ra 18 milliondan oshgan. Faol foydalanuvchilar balki 10-12 mln chiqar. Afsuski, Telegram ma'murlari foydalanuvchilarning aniq soni bo‘yicha ma'lumot berilmasligini bildirishdi. Demak, raqam jihatdan qaraganda ham O‘zbekistondagi foydalanuvchilar Telegram'ning nari borsa 2-3 foizlik auditoriyasi hajmini tashkil etadi.