Sport | 20:50 / 09.11.2021
14154
10 daqiqa o‘qiladi

Futbol va hayot haqida. Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan eksklyuziv intervyu

Tribuna.uz loyihasi ishga tushgandan buyon ko‘p futbolchilar bilan suhbat uyushtirildi. Ularning hammasida ham o‘quvchilar o‘zlari uchun nimadir olishlari mumkin. Ammo bugungi suhbat boshqacha bo‘ldi. Chinakam dildan suhbat deyish mumkin buni. Suhbatdosh ko‘pchilikka oshkor qilmagan haqiqatlarini ham gapirib berdi. Demak, bugungi qahramonimiz ko‘p ham intervyu berishni xushlamaydigan, ammo uzoq yillardan buyon doimiy gol urishni yaxshigina eplab kelayotgan futbolchi – Temurxo‘ja Abduxoliqov.

Milliy jamoa

«O‘zbekiston milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqishga tayyorlanmoqda. Hayotga real qaraylik, men o‘shanda 35 yoshda bo‘laman. Aduris, Ronaldu kabi futbolchilar bu yoshda ham zo‘r o‘ynadi, men ham kuchim yetgancha o‘ynayman, albatta. To‘g‘risi, milliy jamoa yig‘iniga borib, faqat futbol ko‘rib qaytishdan charchadim. 20 ga kirgan vaqtim yosh edim, eng yaxshi formaga chiqqanimda, boshqalar o‘ynadi, hozir 30 yoshga chiqqanimda endi yoshlar o‘ynayapti. Yo‘q, kimnidir ayblamoqchi emasman, bu nasiba. Maydonda sendan kuchli 11 futbolchini o‘yinini ko‘rsang mayli, lekin sendan kuchli bo‘lmaganlarning o‘yinini ko‘rish... Bilmadim. Ammo bunda hech kimni ayblamayman. Chunki menga kam bo‘lsa ham imkoniyat berilgan va o‘sha vaqtda 2-3ta gol urib qo‘yishim mumkin edi».

Jahon chempionati

«Chiqmadikmi, demak loyiq emasmiz. Qachon chiqamiz? Xudo xohlagan vaqtda chiqamiz. Nima qilsak chiqamiz? Avvalo, halollikka e'tibor berishimiz kerak. Nafaqat futbolda, balki boshqa sohalarda ham o‘sishga erishamiz halollik bo‘lsa. Halollik haqida gapirganda, futbolchilarning yoshini kichraytirish masalasiga ham to‘xtalsam. Milliy jamoada, chempionatda yoshi kichraytirilgan futbolchilar avval ham bo‘lgan, hozir ham bor, bundan keyin bo‘lmasligiga esa harakat qilishimiz kerak. Mana shunaqa ishlar qilib qo‘yamiz-da, keyin bir daqiqa qolganda chiqolmadik, deb yuramiz».

Foto: Tribuna.uz

Futbol nima o‘zi?

«Yevropada muxlislar futbolga qaytganini yig‘lab kutib olishdi. Chunki ularda shaharlar megapolisga aylangan, ko‘pchilik «dom»da yashaydi. Ular shanba va yakshanba kunlari uikendda futbolga boradi. Kimdir xursand bo‘lib, kimdir baqirib g‘uborini chiqaradi. Ular futboldan zavqlanadi».

Bolalik

«Bolalikda qiyinchiliklar ko‘p bo‘lgan. Ota-onam oylikdan oylikkacha ishlashardi, men mol boqardim. To‘g‘risi, bu ish menga yoqmasdi, chunki futbol qolib ketardi. Bir korxona qurilish uchun chuqur qazib, keyin qurilishi to‘xtab qolgandi. O‘sha yerda futbol o‘ynardik. Mahalladan juda ko‘p odam chiqib o‘ynardi. Molni bog‘lab qo‘ysak, u birovlarning jo‘xorizoriga kirib ketardi, keyin yugur-yugur.

Quyosh botaversa, o‘yin boshlanardi. Quyosh bor vaqti yoshlar o‘ynardi, keyin kattalar kelardi. Men kattalarga qo‘shilib o‘ynardim. Dadam meni futbolchi qilish uchun yoshligimdan harakat qilganlar. O‘zlari ham murabbiy bo‘lishlari mumkin edi. Men faoliyatim uchun dadamdan, futbolchi bo‘lishimga qarshilik qilmagan onamdan bir umr minnatdorman.

Bir kuni uyimizda hech narsa qolmaganda, oyim atala pishirdilar. Hozir ko‘pchilik bilmasa ham kerak bu ovqatni. Men o‘shanda birinchi marta bilganman bu qanaqa ovqat ekanini. Uyda qozon qaynatishga boshqa narsa qolmaganini sezganman.

Albatta, buni yomon voqea deb eslamayman, hayot bu. Unda har narsa bo‘lishi mumkin. Qiyinchiliklar ham. Aytmoqchimanki, har qanday qiyinchiliklarga tushib qolganlar hech qachon harakatdan to‘xtab qolishi kerak emas. Mana, men hozir o‘zimga to‘qman. Rizq Allohdan.

Hech esimdan chiqmaydi, bolalikda yangi keda olsak, boshqacha futbol o‘ynardik. Xuddi maydonda uchib yurgandek. Kedada o‘ynardik, chunki butsa olsak, tuproqli, qattiq maydonlarda o‘ynab bo‘lmasdi. Har zamonda o‘tli maydonda o‘ynasak, sirpanib ketardik shuning uchun. Oq keda yaxshi chidaydi, derdik. Keyin u o‘ynayverib qorayib ketardi baribir».

Oilali bo‘lgach

«Uylangandan keyin inson o‘zini yig‘ib olsa, hayoti o‘zgaradi. Lekin yengiltaklik bilan qarashda davom etsa, hech narsa o‘zgarmaydi.

Farzandlarimga qo‘limdan kelgancha vaqt ajratishga harakat qilaman. Ammo mana shu vaqt doim menda muammo bo‘ladi. Yig‘inlar bo‘lsa, ikki haftalab ketib qolaman.

Eng baxtli kunlarim futbol bilan emas, oilam bilan bog‘liq. Farzandli bo‘lganim eng baxtli kunim. Ota-onamni xursand qilgan, duolarini olgan har kunim men uchun baxtli».

Foto: Tribuna.uz

Farzandining vafoti haqida...

«Yil boshida menda jud katta yo‘qotish bo‘ldi... O‘shanda ko‘p narsadan kechishga, rad etishga yoki o‘zgartirishga majbur bo‘ldim. Bu dunyoda inson oilasi uchun hamma narsa qilmasa, kim uchun qiladi. Men o‘sha voqeadan keyin o‘zgaraman deb o‘ylagandim, lekin bunaqa vaqtda inson yolg‘iz qolmasligi kerak ekanligini tushunib yetdim. Hozir ham yolg‘iz qolsam, har xil xayollar egallab oladi, bilmadim bu xayolmi, shaytonmi...

Shunda odam odamga suyanch ekanini tushundim. Yaqinlarimga rahmat, ularning daldalari yordam berdi. Ulg‘ayganimni, balki qariyotganimni his qilgandekman. Ammo biz iymon keltirganlarmiz, sabrli bo‘lishimiz kerak. Alloh iymonga yarasha sinov beradi.

«Lokomotiv»dan ham majburiyat tufayli ketdim. Jamoada ham ishlarim yurishmayotgandi. O‘zimning ham to‘g‘risi xayolim futbolda emasdi. Farzandimni davolatish uchun uzoq va qimmat muolaja kutib turganini bilgandim. «Xorfakkan» jamoasiga ketishimga sabablardan biri ham shu edi. Keyin nimanidir o‘zgartirishim kerak edi».

Legioner bo‘lish mashaqqati

«Xorvatiyaga borganda hammasi yaxshi boshlangandi, keyin jarohat olib uch oy safdan chiqdim. Legioner bo‘lishning asosiy mas'uliyati shundaki, bir kun formada bo‘lmasangiz, o‘ynolmay qolasiz. Xorvatiya kichik davlat, boy ham emas. Shunga ko‘pchilik o‘z omadini sportdan qidiradi. Maoshlar ham katta emas, qazilma boyligi yo‘q, shunga futbolchilar yuguraveradi-yuguraveradi. Ular boshqa mamlakatga ketish, yaxshiroq hayotda yashash uchun sportchi tramplin deb bilishadi. Shuning uchun sport rivojlanib ketgan».

Futboldan ketish

«Jarohatlar, gol urolmaslik, mag‘lubiyatlar odamning joniga tegishi mumkin, ammo hech qachon futboldan ketish haqida o‘ylamaganman. Chunki bunday o‘ylashim noshukurlik bo‘ladi. Albatta, 30 yoshdaman, futboldan ketgach nima qilish haqida o‘ylayapman. Ammo hozircha nima qilishimni bilmayman.

Murabbiylar bilan qandaydir kelishmovchilikka bormaganman, chunki o‘jar odam emasman. Shunchaki taktik tushunmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Menda tarbiya shunaqa, kimdir to‘g‘ri gap aytsa, aytganini qilaman. Prinsiplarimga zid bo‘lmasa, kifoya».

Kelishilgan o‘yinlar

«Bilasizmi, kelishilgan o‘yinlar odatda o‘rta va quyi pog‘onalardagi jamoalar o‘rtasida bo‘ladi. Balki yuqoridagilar o‘rtasida ham bo‘lar. Men sotilgan o‘yinlarda qatnashganman. Bunday o‘yin bo‘layotganini sezasiz. Himoyachi kutilmaganda o‘tkazib yuboradi, hayron qolasiz. Lekin men hujumchiman, vazifam gol urish, har qanaqasiga gol urishim kerak.

Menga hech qachon o‘yin sotilganini aytishmagan. Chunki murabbiylar, futbol odamlari meni bilishadi, harom aralashgan joyda men bo‘lmayman. O‘yin payti bilib qolishim mumkin, ammo ochiqchasiga menga hech qachon aytishmagan. Shunchaki zaxirada qoldirishlari mumkin (kuladi)».

«Paxtakor»dan ketish

«O‘sha vaqtda «Paxtakor»ning «egalari» bor edi. Ularning siyosatiga men to‘g‘ri kelmasdim. Kimdir halol yutishni xohlaydi, kimdir nima bo‘lsa ham yutishni xohlaydi, hatto qo‘l bilan gol urib yoki kimningdir yordami bilan. Yoki vaqtni cho‘zib yutishi mumkin. Bunaqa narsalar menga to‘g‘ri kelmaydi, futboldan maza qilmayman».

Hayot haqida

«Hayot bu – ne'mat, sinov. Sinov uchun kelganmiz bu dunyoga. O‘limga tayyormanmi? Ha».

Bobur Akmalov suhbatlashdi,

Tasvirchi va montaj ustasi – Mahmud Soliyev.

Mavzuga oid