Iqtisodiyot | 13:51 / 14.11.2021
17934
8 daqiqa o‘qiladi

«Pulimizni yo‘qotishni istamasak, o‘zimiz tushunmagan narsalardan uzoqroq bo‘lganimiz ma'qul». Kriptovaluta va «maymun biznesi»ning o‘xshash jihatlari haqida

Xalqaro moliyachi mutaxassisning fikricha, kriptovaluta ko‘pgina insonlarni xonavayron qiladi. Barmoq bilan sanoqli insonlargina undan foyda olishlari mumkin.

Foto: Reuters

Texnologik taraqqiyot kriptovalutalar, xususan ular orasida eng taniqlisi bo‘lgan Bitcoinʼga talabning tez sur'atlarda o‘sib borishiga katta turtki berdi.

Kriptovaluta nima?

Kriptovaluta — maxsus kodlar orqali himoyalangan raqamli aktiv bo‘lib, jo‘natma operatsiyalarida pul o‘rnida ishlatiladi. Uning jismoniy nusxasi yo‘q, faqat elektron axborot shaklida tayyorlanadi.

Xo‘sh, kriptovaluta xarid qilib, foyda olish mumkinmi?

Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro mutaxassis Xondamir Nusratxo‘jayev o‘z telegram kanalida kriptobiznesning tub mohiyatini anglashga yordam beradigan bir hikoyani (ingliz tilidan tarjima qilingan) keltirib o‘tdi.

«Qadim zamonda bir savdogar bo‘lgan ekan. Bir kuni u bir qishloq yaqinida maymunlar to‘dasi yashashini bilib qolibdi. Keyin savdogar qishloqqa borib, u yerdagi aholiga maymun sotib olish niyati borligi va tutib kelingan har bir maymun uchun 100 tanga miqdorida pul bermoqchi ekanini aytibdi.

Qishloq aholisi, dastavval, ushbu holatdan rosa taajjubga tushishibdi – qanday qilib bu inson bitta daydi maymun uchun 100 tanga berishi mumkin?!

Biroq qishloqdagi ayrim odamlar maymunlarni tutib kelib, savdogarga topshira boshlabdi va har bir maymun uchun va'da qilinganidek 100 tanga miqdorida pul olibdilar. Bu xabar butun qishloq bo‘ylab yashin tezligida tarqalibdi va boshqa odamlar ham birin-ketin maymunlarni tutib kelib, savdogarga sota boshlashibdi.

Bir necha kun o‘tgach, savdogar endilikda har bir maymun uchun 200 tangadan bermoqchi ekanini e'lon qilibdi. Qishloq aholisi bu xabardan sarosimaga tushib, qolgan maymunlarni ham tutib kela boshlabdi.

Savdogar va'da berganidek, har bir maymun uchun 200 tangadan to‘lovni amalga oshiribdi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach savdogar endi har bir maymun uchun 500 tangadan to‘lashini atrofga ovoza qilibdi. Qishloq aholisi navbatdagi xabardan esankirab, ko‘zlariga uyqu ham kelmay qolibdi.

Odamlar oxirgi qolgan olti yoki yetti chamasidagi maymunlarni ham ushlab kelib, har birini 500 tanga evaziga savdogarga topshirishibdi. Shundan so‘ng qishloq aholisi endi nima bo‘larkin, deb kuta boshlabdi. Bu orada savdogar bir haftalik ta'tilga ketayotgani va ta'tildan qaytgach, har bitta maymun uchun 1000 tanga pul berishini ma'lum qilibdi.

Shuningdek, ta'tildan qaytguniga qadar yordamchisi shu paytgacha xarid qilingan maymunlarni parvarish qilishga mas'ul ekanini aytib ketibdi. Savdogar ta'tilga ketibdi. Qishloq aholisi esa 1000 tanga mo‘may daromadga ega bo‘lish uchun tutib kelsa bo‘ladigan maymun qolmaganidan noumid bo‘lib, mahzun holga tushib qolibdi.

Lekin savdogarning yordamchisi qishloq aholisi bilan xufiyona aloqaga chiqib, agar ular xohlashsa, har bir maymunni 700 tangadan sotishi mumkinligini ma'lum qilibdi. Bu xabar ham yashin tezligida hamma yoqqa tarqalibdi. Odamlar “Savdogar qaytib kelgach, har bir maymun uchun 1000 tangadan beradigan bo‘lsa, 300 tanga foyda qilarkanman”, deb katta daromad olishni orzu qila boshlabdilar.

Ertasi kuni maymunlar saqlanayotgan qafas oldida oxiri ko‘rinmas navbat vujudga kelibdi. Savdogarning yordamchisi barcha maymunlarni 700 tangadan sotib tugatibdi. Qishloqdagi boylar juda katta miqdordagi maymunlarni xarid qilgan bo‘lsalar, kambag‘allar esa sudxo‘rlardan qarz olib bo‘lsa-da, qolgan maymunlarni sotib olibdilar. Qishloq aholisi maymunlarni boqa boshlabdilar va savdogarning qaytishini ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutibdilar.

Ular kutaveribdilar, kutaveribdilar...

Afsuski, hech kim kelmabdi. Shundan so‘ng odamlar savdogarning yordamchisini qidirishga tushibdilar, taassuflar bo‘lsinki, u ham allaqachon g‘oyib bo‘lgan edi!

Oxir-oqibat qishloq aholisi hech kimga kerak bo‘lmagan va birov sotib olmaydigan daydi maymunlarni 700 tangadan olishganini va katta qalloblik o‘yini qurboniga aylanganliklarini tushunib yetibdilar».

Mutaxassisning ta'kidlashicha, bugungi kunda yuqoridagi maymunlar savdosi barchaga ma'lum bo‘lgan Bitcoin timsolida o‘z aksini topmoqda. Bu ko‘pgina insonlarni xonavayron qilib, tanazzulga duchor qilsa, barmoq bilan sanoqli ayrim insonlargina bu holatdan unumli foydalanib, mo‘may daromad qilib olishga muvaffaq bo‘ladi.

«Investorlar har qanday investitsiyaning narx o‘zgaruvchanligiga qarashadi (masalan, aksiya, dollar, ko‘chmas mulk va hokazolar). Istalgan kriptovalutani olmang, uning narx o‘zgaruvchanligi (narx o‘ynashi) juda yuqori ekanini (ya'ni uning narxi qay darajada yuqoriga va pastga siljishini) ko‘rishingiz mumkin. Bu yaxshi paytlarda ajoyib tuyulishi mumkin, ammo yomon paytlarda investorlar uchun halokatli bo‘ladi.

Shunday qilib, barchamiz uchun investitsiya qilishning eng asosiy qoidalaridan biri: investitsion qarorlar qabul qilishdan oldin har doim nafaqat foyda darajasini, balki narx o‘zgaruvchanligini ham tekshirish. Agar bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lsa, pulingizni xavf ostiga qo‘yishni xohlaysizmi yoki yo‘qmi, 10 marta o‘ylab ko‘ring. Ayniqsa, bu investitsiya boyligingizning katta qismini tashkil qiladigan bo‘lsa.

Umuman olganda, narxi juda o‘zgaruvchan investitsiyalar biz oddiy odamlar uchun emas. Agar hech qanday ma'lumotga ega bo‘lmagan narsalarga pulimizni sarflab, yo‘qotishni istamasak, ulardan uzoqroq bo‘lganimiz ma'qul, chunki aksar hollarda, piramidalar qulab tushadi, oson pul topishga ishonganlar esa oxir-oqibat pulsiz qolishadi», deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq, moliya vaziri Temur Ishmetov ham kriptovalutaga tanqidiy munosabatda ekanini ma'lum qilgandi:

«Biror narsa sotib olishda xaridor ekanini yashirmoqchi bo‘lgan odam uchun bu aktiv juda qulay. Masalan, savdosi noqonuniy bo‘lgan narkotik uchun bu qo‘l keladi. Har qanday aktiv atrofida professional chayqovchilar paydo bo‘ladi, ya'ni aktivlarni olib sotish boshlanadi.

Shunga qaramay, unutmaslik kerakki, barcha aktivlar cheklangan. Soddaroq aytganda, zalda o‘tirgan odamlarning boyligi cheklangan. Kimningdir cho‘ntagida pul paydo bo‘lishi uchun, o‘sha pul boshqaning cho‘ntagidan chiqishi kerak. Bitcoin oldi-sotdisi orqali daromadni ko‘zlagan odam doim foydani o‘ylab, yutqazishni o‘ylamaydi. Kimdir million dollar topishi uchun, 100 kishi ming dollardan yo‘qotishi kerak. Shuni yodda tuting. Bu ahmoqlikda bir tiyin ham yo‘qotishni istamasdim», degandi u.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda kripto-aktivlardan foydalanish qonunan taqiqlangan. Kriptovaluta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullangan fuqarolarga Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Mavzuga oid