TRT eng mashhur kriptovaluta bilan oxirgi oylarda yuz bergan vaziyatni tahlil qildi.

Rekorddan minimumlargacha

Raqamli valutalar bejizga eng xatari yuqori aktivlar qatoriga kiritilmaydi. Bunga uzoqdan misol izlash shart emas. Oktyabr boshida Bitcoin narxi 126 ming dollardan oshgan bo‘lsa, dekabrga kelib kriptovaluta 85 ming dollardan arzonlashdi.

«2025 yil oxiridagi Bitcoin bahosining pasayishi keskin o‘sishdan keyingi texnik tuzatishga o‘xshaydi. Bu ushbu aktiv uchun xos bo‘lgan odatiy dinamikaga mos keladi. Shu bilan birga, yakunlanayotgan yil davomida Bitcoin faqatgina 4-9 foizga arzonlashdi. Yanvar boshida kriptovaluta qariyb 93 ming dollar atrofida sotilayotgandi», deya holatni izohlagan AMarkets tahlilchisi Igor Rastorguyev.

Biroq joriy holat faqat korreksiya bilan cheklanib qolmadi. Odatda barcha aktivlar bitta sabab tufayli arzonlaydi – sotuvchilar entuziazmi xaridorlarnikidan kuchliroq bo‘lib chiqadi. Bu yerda bitta savol bor: bunday fon qanday shakllandi?

«So‘nggi paytlarda Bitcoin’ning global likvidlik bilan bevosita bog‘liqligi tobora aniqroq ko‘rinyapti. Oddiy qilib aytganda, bu tizimdagi pul miqdori bilan bog‘liq. Global likvidlik kengaygan davrlarda Bitcoin gullab-yashnaydi, qisqargan paytlarda esa turg‘unlashadi», - deya tushuntiradi White Birds birja savdosi bo‘limi rahbari o‘rinbosari Yan Pinchuk.

Avgust o‘rtalaridan boshlab esa global likvidlik qisqara boshladi. Bundan tashqari, AQSh Federal zaxira tizimining (FZT) qat’iy pul-kredit siyosati ham Bitcoin’ga qarshi ishladi. Shu sababli regulyator rahbari Jyerom Pauel Donald Trampning noroziligiga uchradi. AQSh prezidenti uni foiz stavkalarini sekin pasaytirayotgani uchun bir necha bor tanqid qildi.

Investorlar zararni hisoblashni boshladi

 Noyabr oyi o‘rtalarida investorlar ommaviy ravishda xatarli aktivlardan «tinch bandargoh»ga — qimmatbaho metallar, yuqori kredit reytingiga ega davlat obligatsiyalari va shunga o‘xshash vositalarga o‘ta boshladi. Biroq keyin vaziyat o‘zgara boshladi. FZT vakillari dekabr oyida stavka pasaytirilishi mumkinligi haqida signal berdi. Bunga AQSh mehnat bozori bo‘yicha ma’lumotlarning yomonlashgani sabab bo‘ldi. Pauel ta’kidlaganidek, pul-kredit siyosati yumshatilgach, ishsizlik kamayishi kerak. Ammo inflatsiya aksincha tezlashadi.

Bu Bitcoin’ga ma’lum darajada tayanch bo‘ldi va narxning 90–94 ming dollar oralig‘ida tiklanishiga yordam berdi. Ammo ko‘tarilish uzoq davom etmadi. Investorlar Bitcoin sotib olishni vaqtincha to‘xtata boshladi. Masalan, dunyodagi eng yirik korporativ Bitcoin egasi — Maykl Seylorning Strategy Inc kompaniyasi shunday yo‘l tutdi.