O‘zbekiston | 12:41 / 19.11.2021
3532
4 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni ma'qulladi

Qonun favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibi, qo‘llaniladigan choralar va cheklashlar, fuqarolar huquqlarining kafolatlari, sudlar faoliyati va boshqa masalalarni tartibga soladi. Qonunga ko‘ra, mamlakat hududida favqulodda holat muddati 30 sutkadan oshmasligi kerak va bu muddat faqat prezident farmoni bilan uzaytirilishi mumkin, farmon esa parlament tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi.

Qonunda favqulodda holatni joriy etishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar aks ettirilgan. Xususan, favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi, qo‘llanadigan choralar va cheklashlar, favqulodda holat amal qiladigan davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari, favqulodda holat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, mansabdor shaxs huquqlari kafolatlari, favqulodda holat sharoitlarida sudlar faoliyatini tartibga soluvchi qoidalar nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonunda favqulodda choralar, ularning ta'siri doirasi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuridik shaxslar huquq va erkinliklariga o‘rnatilayotgan vaqtinchalik cheklovlar, ularga yuklatilayotgan qo‘shimcha majburiyatlar, kuchga kirish vaqti hamda amal qilish muddati kabi bir qancha choralar tartibga solinmoqda.

Qonun bilan respublika bo‘yicha joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati 30 sutkadan, uning ayrim joylarida joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati esa 60 sutkadan oshishi mumkin emasligi, agar favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmagan bo‘lsa, favqulodda holatning amal qilishi prezident farmoni bilan yana bir muddatga uzaytirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Ma'lumot uchun, favqulodda holat – bu davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning alohida ish rejimi bo‘lib, bunda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda yuridik shaxslar huquqlarini maxsus qonun bilan belgilangan cheklashlarga yo‘l qo‘yiladi, shuningdek, ularga qo‘shimcha majburiyatlar ham yuklanishi mumkin. Favqulodda holat vaqtinchalik tadbir hisoblanib, real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, ichki qurolli mojarolar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar yuz bergan taqdirda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash maqsadida joriy etiladi.

Avvalroq, Senat «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni ko‘rib chiqishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Bunday qonun qabul qilish 2021 yilgi davlat dasturining 246-bandida belgilangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil mart oyida O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi ortidan respublikada favqulodda holat joriy etish zarurati tug‘ildi, biroq qonunchilikda favqulodda holat joriy etish tartibi belgilanmagani bunga to‘sqinlik qildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasida prezident respublikaning butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etishi mumkinligi, favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanishi aytilgan bo‘lsa-da, bu bo‘yicha qonun qabul qilinmay kelgan.

Shuningdek, karantin davrida favqulodda holat joriy etilmagan holda fuqarolarni MJtKning 205-moddasi (favqulodda holat e'lon qilingan joylarda mish-mishlar tarqatish) bilan noto‘g‘ri javobgarlikka tortish holatlari ham kuzatildi.

Favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq munosabatlar «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solib kelinmoqda.

Аббос Салайдинов
Tayyorlagan Аббос Салайдинов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid