Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligida Uchtepa tumani hokimligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishchi guruh tomonidan Uchtepa tumanida aniqlangan xato va kamchiliklarga baho berildi.
Poytaxt hokimligi xabariga ko‘ra, Jahongir Ortiqxo‘jayev amalga oshirilgan ijobiy ishlarni e'tirof etgan holda, ko‘pgina sohalarda ba'zi mas'ullarning o‘z vazifasiga loqayd, mas'uliyatsizlik, yuzaki yondashish holatlari hamon mavjud ekanini keskin tanqid qildi.
Xususan, bunday holatlar orasida maktablardagi davomat, ta'lim sifati, bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi past ko‘rsatkichlari, maktabgacha ta'lim, qurilish, mahallalardagi tozalik, kichik korxonalardagi ish sharoiti talabga javob bermasligi, ko‘chat ekish jarayonidagi yuzakichilik, chiqindilar vaqtida olib chiqib ketilmasligi borligi qayd etilgan.
Ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun tuman hokimining o‘rinbosarlari N.Ismatov, L.Almanov, maktabgacha ta'lim bo‘limi boshlig‘i N.Xonto‘rayeva, xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i O‘.Qurbonov hamda turizm va sport bo‘limi boshlig‘i B.Nasibaliyev lavozimidan ozod etildi. Tuman hokimi F.Abdullayevga hayfsan berildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga o‘z faoliyatini jiddiy ko‘rib chiqish, tanqidlardan tegishli xulosalar chiqarish, ishda ijobiy o‘zgarishlar qilish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, kelgusida shunga o‘xshash kamchiliklar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etish topshirildi.