O‘zbekiston | 08:32 / 30.11.2021
7500
2 daqiqa o‘qiladi

Profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar maqbullashtiriladi 

Prezident “O‘zbekiston jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Mahallada jamoat xavfsizligini samarali ta'minlash maqsadida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar maqbullashtiriladi va ularning yagona ro‘yxati tasdiqlandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • profilaktika inspektorlarini ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb qilish hamda faoliyatiga asossiz aralashish taqiqlanadi;
  • 2024 yil 1 sentyabrdan e'tiboran Toshkent shahar ichki ishlar organlari, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab qolgan hududiy ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektori lavozimlariga faqat oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan xodimlar tayinlanadi;
  • profilaktika inspektorlari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi sirtqi ta'limiga qabul qilinadigan xodimlar umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida qabul kvotasi ajratiladi;
  • 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, faoliyatida yuqori natijalarga erishgan Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar organlaridan ikkitadan, qolgan hududiy ichki ishlar organlaridan bittadan profilaktika inspektori Departament boshlig‘i taqdimnomasiga asosan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi ta'limiga imtihonlarsiz qabul qilinadi hamda bepul o‘qitiladi.

Ichki ishlar vazirligi (B.Abdullayev, A.Ikromov) ikki oy muddatda profilaktika inspektorlarining hududda, xususan shahar va qishloq sharoitida faoliyat olib borishi bo‘yicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi modellarni amaliyotga joriy etish choralarini ko‘radi va ular bo‘yicha o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid