O‘zbekiston | 13:23 / 01.12.2021
81822
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «omikron» tufayli cheklovlar joriy etishga kirishdi

O‘zbekiston 10 yanvarga qadar qator mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi.

Foto: Kun.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi epidemiologik vaziyat murakkab bo‘lgan bir qator davlatlar bilan xalqaro aviaqatnovlar to‘xtatilishi haqida ma'lum qildi.

«So‘nggi kunlarda Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstraliya, Misr hamda Janubiy Afrika mintaqasi mamlakatlarida (Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Lesoto, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Esvatini va Tanzaniya) koronavirusning yangi «omikron» shtammi keng tarqalib, epidemiologik vaziyat keskinlashib borayotgani munosabati bilan, qator davlatlarda, xususan AQSh, Avstriya, Germaniya, Slovakiya, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda qo‘shimcha karantin cheklovlari joriy etilmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasida ham koronavirus infeksiyasi, shu jumladan, uning yangi «omikron» shtammi tarqalishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida joriy yil 17 noyabrdan boshlab to‘liq emlangan fuqarolarni buster doza bilan ixtiyoriy emlash tartibi joriy etildi.

Qolaversa, jahondagi murakkab epidemiologik vaziyat O‘zbekiston aholisini ham ogohlikka chaqirish, fuqarolarimiz o‘rtasida ehtiyotkorlik susayib ketishining oldini olish zarurati paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda», deyiladi vazirlik xabarida. 

Shundan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida yangi yil arafasida mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi «omikron» shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. 

2021 yil 3 dekabrdan 2022 yil 10 yanvarga qadar:

  • Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Hongkong bilan xalqaro aviaqatnovlar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish) to‘xtatildi.
  • Mazkur davlatlarning fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida yuqoridagi davlatlarda bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritilmaydi.

Mas'ul vazirlik va idoralar ushbu davlatlardagi mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda ular bilan xalqaro aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash yuzasidan taklif kiritib borishi belgilandi.

Mavzuga oid