O‘zbekiston | 07:44 / 04.12.2021
58078
5 daqiqa o‘qiladi

Hokim yordamchilarining asosiy vazifalari belgilandi

Foto: Tengrinews.kz

Prezident “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta'sis etiladi.

Quyidagilar hokim yordamchilarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o‘rganish, jumladan, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish holatini hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil qilish;
  • mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlari, tadbirkorlik bo‘yicha ixtisoslashuv va mehnat resurslarini inobatga olgan holda, uni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yo‘nalishlarni belgilash, ularni ishga solish orqali mahallaning iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash;
  • doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish hamda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta'minlashga yordam berish;
  • mahalladagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning mavsumiy ishchilarga bo‘lgan talabini aniqlash orqali ishsizlarni, birinchi navbatda, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
  • mahallada istiqomat qiluvchi aholining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, jumladan, ularning hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda ko‘maklashish;
  • mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishni tashkil etish, ularga tadbirkorlik bilan mustaqil shug‘ullanish tajribasiga ega bo‘lmagan fuqarolarni o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ularga biriktirish;
  • aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;
  • mahalladagi ish bilan band bo‘lmagan aholining tadbirkorlik va doimiy daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida ularga issiqxona qurish, tomorqasini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash, qishloq xo‘jaligi kooperativiga a'zo bo‘lish, asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish, bino va inshootning ijara to‘lovi hamda kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishi uchun subsidiyalar olishda ko‘maklashish;
  • mahalladagi bo‘sh bino va yer maydonlarini aniqlab, ularni belgilangan tartibda tadbirkorlik sub'yektlariga ajratish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga takliflar kiritish;
  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarning (muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish, turli xil faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun ruxsatnomalar va litsenziyalar olish, bo‘sh bino va yer maydonlarini tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun ajratish va boshqalar) tegishli tashkilotlar tomonidan hal etilishini tashkil etish.

Barcha vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari hokim yordamchilariga ularning vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berish uchun shaxsan mas'ul va javobgar hisoblanadi.

Mavzuga oid