O‘zbekiston | 18:56 / 23.01.2026
3626
2 daqiqa o‘qiladi

“Og‘ir” mahallalardagi bo‘sh yerlar va davlat obektlari boshlang‘ich narxi pasaytirilib, sotuvga chiqariladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Foto: eurasia.travel

Yig‘ilishda “og‘ir” toifadagi mahallalar bo‘yicha bir qator takliflar aytildi.

“Hokim yordamchilari tashabbuskorlarni topib, mahallada mikro va kichik loyihalarni amalga oshirishni ancha o‘rgandi, tajriba orttirdi. Endi ular o‘zi mas’ul bo‘lgan mahalladagi ishini “loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilishga o‘tadi”, dedi prezident.

Hokim yordamchilarini “loyihaviy yondashuv” asosida ishlashga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilib, buni “og‘ir” mahallalardan boshlash topshirildi. Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi.

“Og‘ir” mahallalardagi bo‘sh yerlar va davlat obektlarining boshlang‘ich narxini 2-3 karra pasaytirib, sotuvga chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ish o‘rni va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 100 ta “og‘ir” mahallaga 1 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Ushbu mahallalardagi hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya, Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.

“Mahalla yettiligi” samarasini oshirish bo‘yicha poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan tajriba endi barcha tuman va shaharlarda ham tatbiq etilishi belgilandi.

Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ishdan olinadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid