Yunusobod bozorida sotuvchilardan 7 ming dollar “soliq” yig‘gan shaxs ushlandi
Firibgar bozor atrofida joylashgan yerosti yo‘lida savdo qilayotgan fuqarolardan har oy 250 dollardan joy haqi olgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uning 2021 yil fevralidan noyabrigacha yig‘gan “soliq”lari 73 mln so‘mni tashkil etgan.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida sotuvchilik qilmoqchi bo‘lgan ayoldan 200 dollar joy haqi olayotgan firibgar IIBB xodimlari tomonidan ushlandi.
Ma'lum bo‘lishicha, Laylo ismli shaxs Yunusobod bozori atrofidagi yerosti yo‘lagida kiyim-kechak sotadiganlarga bu hudud unga qarashli ekanini aytib joy uchun oyiga 250 dollardan pul olgan.
Mazkur hududda 9 oydan beri savdo qilayotgan fuqarolardan biri firibgar to‘lov vaqti bir kun kechiksa ham tahdid qilganini aytadi.
“Birinchi bor kelganimda Laylo opa bu yerda savdo qilish oyiga 1 yarim mln so‘mdan boshlanishini aytdi. Mart va aprel oylarida 1,5 mln so‘mdan berdim. Keyin “har bir stolga 1,5 mln so‘mdan berasiz”, dedi. Maydan boshlab shu paytgacha 5 mln so‘mdan to‘lab, ishlab kelyapman.
Oxirgi paytda “narxi ko‘tarmasa chiqib keting, 6-7 mln so‘mga xaridor bor”, deyaverdi. Oyning har 10-sanasida pul berardim, agar sal kechiksa, “joyni bo‘shating boshqa odam qo‘yaman”, deydi. Mol olib qo‘yganman, pulni majbur beraman”, deydi savdogar.
O‘rganishlarga ko‘ra, firibgar 2021 yil fevraldan noyabr oyiga qadar fuqarolardan 73 mln so‘m o‘zlashtirgan.
“Aybimni tan olaman. Bir ayoldan savdo qilishi uchun 200 dollar pul so‘radim, u beraman dedi. O‘sha pulni olayotgan paytimda IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, qamoqqa olib kelindim. Qilgan ishimdan afsusdaman. Adashdim”, deydi u aybiga iqror bo‘lib.
Toshkent shahar IIBB tomonidan mazkur holat yuzasidan Laylo ismli shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Mavzuga oid
15:09 / 21.05.2024
Yunusobodda niqob taqqan holda daraxt kesgan shaxslar 5 sutkaga qamaldi
12:11 / 06.05.2024
Kimnidir bosib qolishi kerakmi? Yunusobodda “zamhokim”ning ham “tishi o‘tmayotgan” masala haqida
12:57 / 05.05.2024
Toshkentdagi bog‘chada bolalarni qo‘rqitib, qo‘pollik qilgan tarbiyachi ishdan olindi
19:19 / 16.04.2024