O‘zbekiston | 10:17 / 07.12.2021
4579
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish tartibini tasdiqladi

Hukumat qarori bilan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, paxta-to‘qimachilik klasterlari quyidagi shaklda tashkil etiladi: qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta yetishtirish; paxta xomashyosini shartnoma asosida fermer xo‘jaliklari va boshqa paxta yetishtiruvchilardan sotib olish; qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta yetishtirish hamda paxta yetishtiruvchilardan shartnoma asosida sotib olish.

Paxta-to‘qimachilik klasteri bu bo‘yicha Respublika komissiyasi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi. Paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish uchun talabgor ixtiyoriy ravishda har yili 10 sentyabrgacha YaIDXP orqali ariza bilan murojaat qiladi. Murojaat Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Vazirlik) tomonidan 2 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Respublika komissiyasi talabgorlarning arizalarini har yili 1 oktyabrgacha ko‘rib chiqib, qaror qabul qiladi. Paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi tegishli hujjat qabul qilingach: 3 ish kunida vazirlik talabgorlarni xabardor qiladi; 5 ish kunida talabgor bilan 30 yil (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi bo‘lgan taqdirda 25 yilgacha bo‘lgan) muddatga bitim tuziladi; 3 ish kunida paxta-to‘qimachilik klasteri tegishli tuman (shahar) hokimi bilan yer ijarasi shartnomasi tuzadi (klaster yer uchastkalarini ijaraga olgan holda tashkil etilgan taqdirda).

Shuningdek, ijaraga olgan holda tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri o‘ziga biriktirilgan yerlarni shaxslarga 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga (ularni uchinchi shaxsga berish huquqisiz) berish huquqiga ega. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati samaradorligi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bir yilda kamida bir marta monitoring o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid