O‘zbekiston | 19:17 / 07.12.2021
4525
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev BMT maxsus ma'ruzachisini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Fionnuala Ni Aolaynni qabul qildi.

Yetakchi xalqaro tuzilmaning yuqori darajali vakili davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirish doirasida mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Uchrashuvda inson huquqlari sohasida, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurash borasidagi dolzarb kun tartibi yuzasidan ochiq va konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hamkorlik samarali tus olgani, mamlakatimiz ushbu muhim yo‘nalishlarda katta muvaffaqiyatlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining (IHK) to‘la huquqli a'zosi bo‘ldi, uning ishida faol ishtirok etmoqda. Kelgusi yilda O‘zbekiston tomoni ushbu ixtisoslashtirilgan institutning rahbarlik organlarida vakillik qiladi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya doirasida yurtimizda gender tenglik, so‘z va din erkinligini ta'minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. O‘zbekiston tashabbusi bilan IHKning pandemiya davrida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi, tegishli konvensiya ishlab chiqilmoqda.

Xavfsizlik sohasida qator asosiy qonunlar qabul qilingan, yaqinda besh yilga mo‘ljallangan Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha strategiya tasdiqlandi.

Maxsus ma'ruzachi O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi sa'y-harakatlarini yuksak baholadi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangi yondashuvlar alohida qayd etildi.

Suhbat chog‘ida yaqin hamkorlikni, eng avvalo, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rnini mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlar o‘rnini kuchaytirish, qonunchilikni takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshirishda texnik ko‘mak va yordamni davom ettirishga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekistonning BMT organlari va huquqni himoya qilish institutlari bilan sherikligini mustahkamlashga qaratilgan qator qo‘shma xalqaro tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Mavzuga oid