Jahon | 12:19 / 10.12.2021
14867
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarning IT-kartasi joriy qilinadi

Rossiyaning migratsiya siyosatida o‘zgarishlar yuz berishi kutilyapti. Qonunchilikni isloh qilish yakunlanmoqda, 2022 yil o‘rtalarida uning loyihasi Dumaga taqdim etiladi, yil oxiriga qadar esa qonun qabul qilinishi bilan migrantlar uchun raqamli IT-karta joriy etiladi. Bu haqda «Rossiyskaya gazeta» Rossiya Migrantlar federatsiyasi prezidenti Vadim Kojyenovga tayanib xabar berdi.

Foto: emcmo.mosreg.ru

Vadim Kojyenovning so‘zlariga ko‘ra, IT-karta ishchilarning tug‘ilgan mamlakati tomonidan berilgan pasportlari o‘rnini bosadi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘ladi.

«U butun Rossiya bo‘ylab 10 yil amal qiladi, ishlash uchun patent esa berilgan hududga bog‘lanadi. 10 yildan keyin, karta egasida qonunbuzarliklar bo‘lmasa, u muddatsiz bo‘lib qoladi», - dedi Kojyenov. 

Uning ma'lum qilishicha, ish beruvchilar va migrantlarning elektron reyestrlari tayyorlanmoqda. Ular xorijliklarning ishga «raqamli» yollanishini tartibga soladi. Shu tariqa, Kojyenov migratsiya oqimi kamayishi haqidagi ma'lumotni bilvosita rad etdi. 

Aksincha, Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda ro‘yxatga olingan xorijliklar soni ko‘paygan. Agar 2020 yilda 8 million 327 ming 24 kishi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 10 million 616 ming 980 kishigacha oshdi. 

Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyada muhojirlar soni ko‘paydi, biroq ular yetkazib berish va qurilish sohalarida yetishmayapti. YeIKning Moskva davlat universiteti sotsiologlari tadqiqotlariga tayangan holda ta'kidlashicha, mahalliy ishchilar migrantlarning 55 foizigacha bo‘lgan qismi ishlayotgan qurilish sohasidagina muhojirlar bilan raqobatlasha oladi. Ammo uy-joy va kommunal sohada (migrantlarning 35 foizi) va qishloq xo‘jaligida (27 foiz) ishchi kuchi tanqisligi saqlanib qoladi. 

YeIK prognozi ham shunga bog‘liq: 2022 yildan boshlab xorijiy ishchi kuchini «maqsadli» tarmoqlarga – uy-joy va kommunal xo‘jaligi, omborxonalar ishi va qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. 

Ushbu faoliyat turlari uchun migrantning IT-kartani olishi osonroq bo‘ladi. Yangi tendensiyaning bilvosita daliliga Rossiya fuqaroligini olgan xorijliklar sonining oshgani aylandi - 2020 yildagi 504 ming 782 kishidan 2021 yildagi 609 ming 905 kishigacha. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid