O‘zbekiston | 07:52 / 11.12.2021
6712
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida ishtirok etdi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining video-anjuman shaklida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilish kun tartibidan YeOII makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, jumladan, iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport, bojxona ma'muriyatchiligi, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston prezidenti qo‘shma qarorlar qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Iqtisodiy aloqalarni barqaror rivojlantirish uchun yondashuvlarni yanada muvofiqlashtirish zarurligini qayd etib, O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro savdoda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish muhim ekanini ta'kidladi. Shu munosabat bilan yurtimiz YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligi bildirildi.

Davlat rahbari sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashning dolzarb ahamiyatini yana bir bor ta'kidlab, bu borada, shu jumladan tashkilot doirasida industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etish orqali hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

Prezident yangi transport yo‘laklarini yaratishga qaratilgan, mamlakatlar tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni yanada faolroq ilgari surishga chaqirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamg‘alarini joriy qilish dasturiga qo‘shilishi mumkinligi qayd etildi. YeOII logistika zanjirlarini rivojlantirish raqamli ekotizimini yaratish to‘g‘risidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Ishtirokchilarning e'tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi. Shu munosabat bilan davlat rahbari O‘zbekiston yuqori darajadagi ishchi guruhi faoliyatida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi hamda uning doirasida “yashil” taraqqiyot sohasida chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etdi.

IT sohasida tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi va shu munosabat bilan navbatdagi Yevrosiyo raqamli forumini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Kuzatuvchi davlatlarni Yevrosiyo makonidagi dolzarb tashabbuslar va kooperatsiya dasturlarini amalga oshirishga yanada faol jalb etish, shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvlarni rag‘batlantirish zarur ekani ta'kidlandi. Shu maqsadda davlat rahbari YeOII Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan foydalanishni hamda kuzatuvchi mamlakatlarning kengash va YeIK organlari ishida ishtirok etishini taklif etdi.

Prezident nutqining yakunida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga intilishi qat'iy ekanini tasdiqladi.

Mavzuga oid