O‘zbekiston | 07:46 / 15.12.2021
14300
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston armiyasida yangi farqlovchi nishon joriy etilmoqda

Foto: Kun.uz

Prezidentning “O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining jismoniy tayyorgarligini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi: O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini intensiv sinovlardan o‘tkazish va ularni "Dovyurak jangchi" farqlovchi nishoni bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom; "Dovyurak jangchi" farqlovchi nishonining ko‘rinishi va tavsifi.

Nizom Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, Milliy gvardiya va DXXning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarini intensiv sinovlardan o‘tkazish va ularni "Dovyurak jangchi" farqlovchi nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.

Intensiv sinov deganda harbiy xizmatchilarning jismonan baquvvatligini, chidamliligini, ekstremal sharoitlarda turli jismoniy yuklamalarga ruhiy bardoshliligini sinash bo‘yicha mashqlar majmui tushuniladi.

Nizomda moslashuvchanlik ko‘nikmasi, piyoda yurish (marsh-yugurish), ruhiy barqarorlik, kuch mashqlari, yagona to‘siqli yo‘lak, harbiy qismlar, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi, ekstremal sharoit kabi tushunchalar qo‘llaniladi.

Intensiv sinovlarni o‘tkazish va "Dovyurak jangchi" farqlovchi nishoni bilan taqdirlash har yili quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) intensiv sinovlarda qatnashish istagini bildirgan harbiy xizmatchilar 15 avgustga qadar bevosita komandirlariga (boshliqlariga) bildirgi bilan murojaat qiladi;

b) nomzodlarning bildirgilari 25 avgustga qadar harbiy qismlarning umumiy yig‘ilishida, ularning oxirgi bir yillik xizmat faoliyatini muhokama qilgan holda ko‘rib chiqiladi va nomzodlarning ro‘yxati 1 sentyabrga qadar intensiv sinovlarni o‘tkazish komissiyasiga tavsiya etiladi;

v) komissiya nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va intensiv sinov bosqichlarida ishtirok etishga ruxsat beradi;

g) intensiv sinovlar har yili 15 sentyabrdan 30 sentyabrga qadar har bir vazirlik va idoraning intensiv sinovlarni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida ichki idoraviy hujjatiga muvofiq alohida-alohida o‘tkaziladi. Intensiv sinovlar uch bosqichda o‘tkaziladi:

I bosqich - kompleks kuch mashqlarini bajarish; II bosqich - 30 km masofaga piyoda yurish (marsh-yugurish); III bosqich - yagona to‘siqlar yo‘lagida umumiy nazorat mashqini, o‘qotar qurollardan (avtomat yoki to‘pponcha) amaliy otish mashqini va pichoq uloqtirish mashqini bajarish;

d) komissiya 30 sentyabrga qadar intensiv sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarni aniqlaydi;

ye) intensiv sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan harbiy xizmatchilar tegishli vazirlik yoki idora rahbari tomonidan 1 noyabrga qadar "Dovyurak jangchi" farqlovchi nishoni bilan taqdirlanadi hamda harbiy unvon va lavozim maoshining bir baravari miqdoridagi biryo‘la to‘lanadigan bir martalik pul mukofoti bilan mukofotlanadi.

Harbiy xizmatchilarga berilgan "Dovyurak jangchi" farqlovchi nishoni butun xizmat faoliyati davomida saqlanadi va ko‘krakning o‘ng tomoniga taqiladi. Xizmat burchini qo‘pol ravishda buzgan, xizmat faoliyati davomida harbiy intizom talablariga zid xatti-harakatlar sodir etgan, harbiy xizmatchining or-nomusi va qadr-qimmatini, harbiy bo‘linma yoki Qurolli Kuchlarning nufuzini obro‘sizlantirgan harbiy xizmatchi mazkur farqlovchi nishondan vazirlik va idora rahbari tomonidan mahrum qilinishi mumkin.

Mavzuga oid