Shavkat Mirziyoyev Koreya bilan hamkorlikdagi uchta asosiy yo‘nalish haqida gapirdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi bilan yaqin davrga mo‘ljallangan hamkorlikda uchta asosiy yo‘nalish: «yashil» taraqqiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash masalalari kun tartibida turganini ta’kidladi.
Istiqboldagi barcha qo‘shma loyihalar, dastur va harakatlar rejalarini shu asosiy ustuvorliklardan kelib chiqqan holda ishlab chiqish taklif etildi.
Prezident O‘zbekistonning inson kapitali va tabiiy resurslari Koreya Respublikasining istiqbolli texnologiyalari va bilimlari bilan birlashsa, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratish mumkinligini alohida ta’kidladi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish fondini (EDPF) jalb qilgan holda Toshkent viloyatida yarimo‘tkazgich va elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya klasterini tashkil etish taklifini bildirdi. Uning hududida fan-ta’lim muassasalari, ilg‘or texnologiyalar sohasidagi tadqiqot va ishlanmalar markazlarini joylashtirish mumkin bo‘ladi.
Tomonlar O‘zbekistonda birgalikda tashkil etilgan To‘qimachilik texnoparki va Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi markazi faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish va rivojlantirish davom ettirilishini qayd etishdi.
«O‘zbekiston Koreyaning raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «aqlli shaharlar», autsorsing, aloqaning yangi avlodi va internet-texnologiyalar borasidagi yutuqlaridan o‘z amaliyotida foydalanishdan manfaatdor.
Mamlakatlarimiz sog‘liqni saqlash, maktabgacha va oliy ta’lim sohalarida jiddiy hamkorlik qilmoqda. Tibbiyotda amalga oshirilgan ilk yirik qo‘shma loyiha natijasida o‘tgan yildan buyon Toshkent shahrida Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi faoliyat yuritmoqda.
Koreya ta’lim modeli dunyodagi eng namunali tajribalardan biridir. Aynan shu bois yurtimiz maktabgacha ta’lim tizimi Koreyadagi hamkorlarning ilg‘or tajribasi va bilimlari asosida to‘liq isloh qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston prezidenti universitetlar o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidlab, ularning muntazam muloqoti uchun doimiy maydon yaratish, kelgusi yilda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumini o‘tkazishni taklif qildi.
Muzokaralar chog‘ida pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasi iqtisodiy o‘sish lokomotivlaridan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining mehmonxonalar va infratuzilma obektlari qurilishi bilan bog‘liq loyihalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi O‘zbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini nishonlaydilar.
Davlat rahbari 2022 yilni «O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili» deb e’lon qilishni, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va san’at uyi qoshida kutubxona tashkil etishni taklif etdi.
Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
«O‘zbekiston va Koreyaning ko‘plab masalalar yuzasidan qarashlari o‘xshashdir. Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-biriga ko‘maklashmoqda. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishini, shuningdek, 2023 yilda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasini o‘tkazish joyi sifatida Samarqand nomzodini qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Koreyaning 2024-2025 yillarda BMT Xavfsizlik kengashi muvaqqat a’zosi bo‘lish niyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» forumining mintaqamiz barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashishdagi o‘rni kuchayib borayotganini yuqori baholadi.
O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyiha va dasturlarini ilgari surish maqsadida parlamentlar va hukumatlar darajasidagi muloqotning yangi samarali mexanizmlarini joriy qilishni taklif etdi.
O‘zbekiston prezidentining davlat tashrifi, uning doirasida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatiga ko‘ra, alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratuvchi tarixiy voqea bo‘ldi», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
20:41 / 27.11.2024
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirishni buyurdi
14:00 / 29.01.2024
Prezident xorijda YTH qurboniga aylanayotgan migrantlar masalasiga to‘xtaldi
13:17 / 29.01.2024
Tajriba tariqasida 5 ta shaharda suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinadi
20:35 / 26.01.2024