Sport | 19:01 / 18.12.2021
18612
2 daqiqa o‘qiladi

Odil Ahmedov futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi

Yozda milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan Odil Ahmedov, bugun 18 dekabr kuni futbolchilik faoliyatini tugatganini rasman e’lon qildi.

Bu haqda futbolchining o‘zi uning faoliyatiga bag‘ishlangan «Odil Ahmedov: «Orzuning shonli yo‘li» kitobi taqdimot marosimida ma’lum qildi. 

Foto: Tribuna.uz

O‘zbek futbolining eng yorqin yulduzlaridan biri, uzoq yillar davomida milliy jamoamizda betakror o‘yinlar o‘tkazgan Odil Ahmedov 2007 yilda O‘zbekiston milliy jamoasi safida debyut qilgan. U milliy jamoa libosida 108 o‘yin o‘tkazib, 21ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 4ta jahon chempionati saralashida qatnashdi, 3 bor Osiyo kubogida ishtirok etdi. 2020 yil Ahmedov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Foto: Tribuna.uz

«Odil Ahmedov nafaqat O‘zbekistonning, balki o‘z vaqtida Osiyoning eng yorqin futbolchilaridan biriga aylandi. Ahmedov deganda ishonch, fidoyilik, jonkuyarlik timsollari ko‘z oldimizga keladi. O‘FA, o‘zbek futboli jamoatchiligi va muxlislar nomidan Odil Ahmedovga uzoq yillik faoliyati uchun minnatdorchilik bildiramiz. Odil Ahmedovning mamlakatimiz futbolini rivojlantirish borasidagi keyingi rejalarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz», - deyiladi O‘FA xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Odil Ahmedov 2007 yildan 2021 yilning yozigacha bosh jamoamiz safida to‘p surib, O‘zbekiston JCh-2022 uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmaganidan so‘ng milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan edi. 34 yoshli yarimhimoyachi Xitoy Superligasi joriy mavsumida «Tsanchjou Mayti Layons» safida 7 o‘yinda maydonga tushgandi. U faoliyati davomida «Paxtakor», «Anji», «Krasnodar», «Shanxay SIPG» klublarida ham to‘p surdi.

Mavzuga oid