O‘zbekiston | 16:24 / 21.12.2021
4075
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi

Qonun loyihasida davlat qarzi summasining YaIMga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi nazarda tutilgan. Oliy Majlis palatalariga davlat qarzining cheklangan hajmini belgilash vakolatlari berilmoqda.

Foto: Oliy Majlis

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan davlat qarzi summasining YaIMga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Xususan, davlat qarzini boshqarishda parlament rolini oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga davlat qarzining cheklangan hajmini belgilash, davlat qarzini boshqarish strategiyasi ijrosini ko‘rib chiqish hamda jalb qilingan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish vakolatlari berilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 3 yil muddatga davlat qarzini boshqarish strategiyasi tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu hujjat davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qoidalarni ham aks ettirmoqda. Bunda Moliya, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklariga Oliy Majlis palatalariga ma’lumot kiritish hamda vazirlik va idoralarga davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni OAVda yoritib borish, rasmiy veb-saytlarda chop etish majburiyati yuklanmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida xususiy sherikka beriladigan kafolatlar bo‘yicha cheklovlar o‘rnatish amaliyoti joriy etilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid