Jahon | 23:48 / 21.12.2021
11778
1 daqiqa o‘qiladi

Tarixdagi ilk sms-xabar 107 ming yevroga sotildi

Foto: EPA/Vostock-photo

Tarixdagi ilk sms-xabarning raqamli nusxasi Parij yaqinidagi Nyoyi-syur-Sen kommunasida o‘tgan kimoshdi savdosida 107 ming yevroga (121 ming dollar) sotildi. Bu haqda Le Monde nashri xabar berdi.

“Merry Christmas” (Rojdestvo muborak) degan qisqagina yozuvdan iborat bo‘lgan xabar 1992 yilda Vodafone mobil aloqa operatori tarmoqlari orqali yuborilgan. Uni kompaniya xodimi Nil Papuort kompyuterdan kompaniya direktori Richard Jarvis mobil telefoniga jo‘natgan.

Xabarning raqamli nusxasi surat ko‘rinishida bo‘lib, unda ekranida ilk sms-xabar aks etgan mobil telefon tasvirlangan.

Kimoshdi savdosi Aguttes auksion uyi tomonidan tashkillashtirilgan. Xaridor noma’lum bo‘lib qolishni istagan. U sms-xabarning raqamli nusxasi - NFT-token sohibiga aylangan.

Sms-xabarni sotuvga qo‘ygan Vodafone kompaniyasida savdodan kelib tushgan pullar BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha komissariatiga xayriya qilinishi aytilgan.

Mavzuga oid