O‘zbekiston | 08:03 / 03.01.2022
18307
2 daqiqa o‘qiladi

14 ta faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatiladi 

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorga keng yo‘l ochish rejalashtirilmoqda. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida belgilangan.

Eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 14 ta faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatiladi (aholi va ijtimoiy soha obektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish, rangli metall parchalari va chiqindilarini tayyorlash, sertifikatlashtirish xizmatlari va boshqalar).

Iqtisodiy munosabatlarda erkin bozor tamoyillarini joriy etish kengaytiriladi. “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirish orqali davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish hollari va unga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar belgilanadi, tabiiy monopoliya holatini aniqlash bo‘yicha huquqiy instrumentlar kengaytiriladi, bozordagi ustunlik mavqeyini aniqlash mezonlari takomillashtiriladi, davlat ko‘magi (imtiyoz va preferensiyalar) shakllari va ularni taqdim etishga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar belgilanadi, auksion (birja) savdolarida manipulyatsiyalarning mezonlari va javobgarlik kuchaytiriladi, raqobatni cheklash holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Tadbirkorlik faoliyatida erkin bozor tamoyillari keng joriy etiladi. Jumladan, xomashyo va materiallar yetkazib berish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlarini shakllantirishda bozor mexanizmlariga to‘liq o‘tiladi, ayrim tovarlar uchun belgilangan ma’muriy narxlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid