O‘zbekiston | 08:00 / 03.01.2022
7226
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga soliq yuki kamaytiriladi

Tadbirkorlik sub’yektlariga soliq yuklamasini kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida belgilangan.

Foto: Kun.uz

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Bunda, korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi.

Sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida 2031 yil 1 yanvargacha mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘rnatilgan soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor va Nishon tumanlarida yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’yektlariga 2025 yil 1 yanvarga qadar aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.

Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlarida yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik  sub’yektlariga 2025 yil 1 yanvarga qadar aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.

Toshkent viloyatining Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Bekobod tumanlarida yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’yektlariga 2025 yil 1 yanvarga qadar aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid