O‘zbekiston | 07:16 / 04.01.2022
3123
3 daqiqa o‘qiladi

Millatlararo munosabatlar sohasida Prezident mukofoti ta’sis etiladi

O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasining izchil amalga oshirilishini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasiga ko‘ra, jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2022-2024 yillarda millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi.

Millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy izlanishlar soni va sifatini oshirish hamda mazkur yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirish maqsadida Prezident mukofoti ta’sis etiladi.

Turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuyg‘usini mustahkamlash ham ko‘zda tutilgan.

Bunda, turli millat yoshlari bilan ishlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Ta’lim tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilayotgan umumta’lim maktablari bitiruvchilari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test savollarini tegishli tillarda tuzish va ularni o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.

Xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. “O’zbekiston”, “Zvezda Vostoka” va “Amudaryo” jurnallari, “Yerkin Qaraqalpaqstan”, “Nurly jol”, “Ovozi tojik”, “Mekan” va “Dostuk” gazetalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi. Sohaga oid materiallarni ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha tanlovlar, grantlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi. OAV, jurnalistlar va blogerlarning press-turlarda ishtirok etishi, ularga beriladigan ijtimoiy buyurtmalarni qoplash tartibi belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid