Jamiyat | 14:04 / 11.01.2022
13329
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zim yetim o‘sgandim, bolalarim otasiz qolmasin” – olisdagi oilaning dardi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining olis qishlog‘ida istiqomat qiladigan oddiygina oilaning boshiga oddiy bo‘lmagan tashvish tushdi. Keksayib umrlarining qolgan qismini osudalikda kechirishni niyat qilgan ota-onaning 36 yashar o‘g‘li Abdusalom Chorshanbiyev og‘ir dardga chalingan. Uni davolatish maqsadida oila yashab turgan uyining yarmini sotgan bo‘lsa-da, o‘tkaziladigan jigar ko‘chirish operatsiyasi uchun yetarli mablag‘ni to‘play olishmadi.

Onasi O‘raltosh Pardayevaning aytishicha, o‘g‘lining bu ahvolini ko‘rish ota-ona uchun oson bo‘lmayapti.

“Bolamning dardini ko‘rib yuragim ezilib ketadi. Ammo qo‘limizdan hech narsa kelmayapti. Hovlimizning yarmini, mol-hollarimizning hammasini sotdik. Yaxshi insonlarning yordami bilan sog‘ayib ketsa ajab emas”, deya o‘kinadi onaizor.

Bemorda bu xastalik bundan 3-4 yil muqaddam boshlangan. Shundan buyon muntazam davolanishlar oila a’zolarini ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan iztirobga solmoqda.

“Hindistonda o‘tkaziladigan jigar ko‘chirish operatsiyasidan umid qilyapmiz, o‘zim donor bo‘lmoqchiman. Turmush o‘rtog‘imning o‘zi ham qiynalib ketdi bu azoblardan. O‘zim yetimlikda katta bo‘lgandim, endi ikki bolamning otasiz qolishini istamayman”, deydi bemorning turmush o‘rtog‘i Muborak Mahmudova.

Yaxshiliklardan umidvor bu oila farzandi tuzalishi uchun o‘zining barcha imkoniyatlarini ishga solgan. Aslida ularga kelgan bu kulfat siz-u bizning ham sinovimizdir. Sinovlardan yorug‘ yuz ila o‘tish nasib etsin barchamizga.

Abdusalom Chorshanbiyevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 5301 4576 Abdusalom Chorshanbiyev nomida

Sberbank: 4279 3806 3252 3462 tanishi Feruzbek Rahimov nomida

Mavzuga oid