O‘zbekiston | 15:19 / 16.01.2022
21928
3 daqiqa o‘qiladi

Qonun qayoqda qoldi? Aeroportlarda belgilangan ekspress-test narxi qonunga zid

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun tariflar, narxlar faqat O‘zbekiston valutasida belgilanadi. Maxsus komissiya qarorida qonunning bu normasi inobatga olinmagan.

Foto: KUN.UZ

Uzbekistan Airports axborotiga ko‘ra, 15 yanvardan Davlat bojxona qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologiya xizmati O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning qo‘nish zallariga ekspress-test punktlari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Mamlakatga havo transporti orqali kirib kelgan barcha yo‘lovchilar koronavirus ekspress-testdan o‘tadi.

Test narxi 5 AQSh dollari ekvivalentida belgilangan bo‘lib, bu summa Markaziy bank kursi bo‘yicha so‘mda undiriladi. 

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning (yangi tahrirda) 9-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi valutasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun tariflar, narxlar faqat respublika valutasida belgilanadi.

O‘zbekiston hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Alohida hollarda, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar va O‘zbekiston hukumati bilan investitsiya shartnomalari doirasida jalb etiladigan chet el investitsiyalari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida yo‘l qo‘yiladi.

Davlat bojlari, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar faqat O‘zbekiston Respublikasi valutasida undiriladi (bundan konsullik yig‘imlari mustasno).

Aeroportning mamlakatga kirib keluvchilardan 5 dollardan to‘lov undirilayotgan qismi O‘zbekiston Respublikasi hududi ekan, Maxsus komissiyaning ushbu qarori g‘ayriqonuniy hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 9 yanvar va 11 yanvardagi qarorlariga asosan, koronavirusning omikron shtammi tufayli 15 martdan boshlab O‘zbekistonga kirishda yangi tartib o‘rnatilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqarolar (avtomobil harakati bundan mustasno) kirishidan kamida 48 soat oldin PZR usulida o‘tkazilgan koronavirusga manfiy test natijasini taqdim etishlari, shuningdek, O‘zbekiston hududiga kirishda koronavirus infeksiyasi mavjudligini aniqlash uchun ekspress antigen testini topshirishlari shart.

Mazkur tartib fuqarolarning e’tirozlariga va noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

Mavzuga oid