O‘zbekiston | 07:50 / 27.01.2022
3659
3 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar joriy qilinadi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat prezidentning “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Quyidagilar tasdiqlandi: Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish konsepsiyasi; 2022-2026 yillarda Orolbo‘yi mintaqasiga tashqi ko‘mak mablag‘larini jalb qilishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama “yo‘l xaritasi”.

Konsepsiya quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

  • texnologik innovatsiyalar, shu jumladan, yo‘nalishlar bo‘yicha “drayver” klasterlarni tashkil etish, ekotizimlarni boshqarishning samarali usullarini, ayniqsa, tabiiy resurslarni tejovchi samarali yangi texnologiyalarni joriy qilish;
  • iqtisodiy va moliyaviy innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, texnologik innovatsiyalarni rag‘batlantirish hamda “yashil” ish o‘rinlarini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan bozor va narx-navo mexanizmlarini shakllantirish;
  • innovatsion siyosat va huquqiy innovatsiyalarni tatbiq qilish, shu jumladan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni baholash, qishloq xo‘jaligi va “yashil” iqtisodiyot strategiyalarini amalga oshirish, yer egalarining investitsiya kiritishini rag‘batlantiruvchi yer islohotlarini joriy etish.

2022-2026 yillarda Orolbo‘yi mintaqasiga tashqi ko‘mak mablag‘larini jalb qilishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama “yo‘l xaritasi” quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • 2022-2026 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini kompleks rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari;
  • Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda dastur va loyihalarni amalga oshirishning monitoringini tashkil etish chora-tadbirlari;
  • Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar ro‘yxati.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid